O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Ranglarda aks etgan ona tabiat” nomli plener ko‘rgazmasi boshlandi.
Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan mazkur ko‘rgazma Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida joriy yilning may oyida yurtimizning turli go‘shalarida tashkil qilingan plenerlarning ijodiy hisobotidir.

Plenerlar bir oy davomida yurtimizning 5 ta hududi — Toshkent viloyatidagi “Ugom-Chotqol”, Jizzax viloyatidagi “Zomin” milliy tabiat bog‘lari, Qashqadaryo viloyatidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasi, Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi “Discovery“ ekoturizm maskanida uyushtirildi.
Ijodiy sayohatlar davomida ularda qatnashgan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga a’zo 56 nafar taniqli rassom tomonidan 160 dan ortiq etyud asarlar yaratildi va ko‘rgazmada tomoshabinlar hukmiga havola etildi.
Asarlarning aksariyat qismida mualliflar tabiat ko‘rinishlarini asl holatida tasvirlaganlar. Ba’zan esa dekorativ xayoliy kompozitsiyalar yaratganlar. Shunday bo‘lsa-da, tabiat ijodiy g‘oyalarning birlamchi manbasidir.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixo‘jayev, Ekolgiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obid Qudratov, O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Bahodir Jalolov plenerlarning maqsadi, tabiatni asrashga rassomlarning munosabati haqida so‘zladilar.
Darhaqiqat, ushbu ijodiy sayohat sabab bo‘lib, betakror tabiat manzaralari aks ettirilgan yangi-yangi kartinalar muxlislarga hadya etildi.
N.Usmonova, O‘zA