Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ranglar oshuftasi
23:33 / 2024-02-12

Izlanishlari haqida so‘z yuritmoqchi bo‘lgan yosh qahramonimiz rassomchilikda mahorat cho‘qqilari sari tirishqoqlik bilan astoydil intilayotir.

Dildorani chinakam iste’dod sohibasi, desak mubolag‘a qilmaymiz. U chizgan rang-barang suratlarni tomosha qilganimizda teran mazmunidan bahramand bo‘lib, san’atning bu yo‘nalishiga behuda qiziqmaganligiga ishonch hosil qildik.  

D.Rahimova Sirdaryo vohasining Yangiyer shahrida yashaydi. U shahardagi 8-umumta’lim o‘rta maktabida o‘qib yurgan paytlarida darslardan keyin Bolalar musiqa va san’at maktabiga qatnab, musavvirlik bo‘yicha ustozlaridan saboqlar ola boshladi. Ularning talabchanligi sabab uning mahorati yildan yilga oshib bordi.

Dildora 7-sinfni bitirganidan so‘ng Guliston shahridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktabining 8-sinfiga  o‘qishga qabul qilinib, dastgohli rangtasvir bo‘limida ustozi Sirojiddin Qarshiboyevdan musavvirlikning sirlaridan saboq oldi.  

Taniqli rassomlar O‘rol Tansiqboyev, Akmal Nur, Bahodir Jalolov va Alisher Mirzayevning mo‘yqalamiga mansub kartinalarning azaldan maftuni bo‘lgan Dildora ular singari ajoyib rasmlarni mo‘’jiza darajasiga ko‘tarish uchun doimo izlanadi va mashaqqatlardan ortga chekinmadi. Hozirgi kungacha  “Cho‘pon”, “Yozgi ta’tilda”, “Qish manzarasi”, “Kuz manzarasi” kartinalarini, “Shoir Ahror Bayzo portreti” hamda natyurmortlar turkumini yaratdi. U ijod jarayonida o‘zining sinfdoshlari Alisher Shoniyozov, Bunyod Abdiyev, Shabnam Botirova va Dildora Aliyeva bilan o‘zaro fikrlashadi, bahslashadi, takliflarini bajonidil qabul qiladi.

Uning opalari Diyora, Durdona va ukasi Shohjahon hamda onasi tibbiyot xodimasi Rahimaxon Dildoraning chizayotgan suratlarini ko‘rib, zavqlanishadi va o‘zlarining baholarini, maslahatlarini  berib turishadi. Qolaversa, marhum dadasi Farhodning ruhi doimo yosh musavvirani qo‘llab turadi, go‘yo.  

D.Rahimova kelgusida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil olib, o‘zining mahoratini yanada oshirib, yetuk rassom bo‘lish orzusi bilan yashamoqda. Navqiron musavviraning pokiza niyati kelgusida go‘zal O‘zbekistonimizning ko‘rkam qiyofasini chizib, mamlakatimiz va dunyo miqyosidagi ko‘rgazmalarda namoyish etish, fidoyi, mehnatkash insonlarning portretlari va betakror san’at asarlarini yaratishdir.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri