Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoira Guli Nigor Avazovaning “Rangin ruhunat” va “Ruh uyg‘oq” nomli kitoblarining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Akademnashr” nashriyotida chop etilgan mazkur kitoblardan muallifning 200 dan ortiq she’rlari o‘rin olgan.
Taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov va boshqalar mamlakatimizda yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun keng imkoniyatlar eshigini ochish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.
E’tirof etilganidek, Guli Nigor yoshligidanoq ohorli, o‘ziga xos so‘z va ovozning tasavvur ifodasiga ega iste’dodli ijodkor. O‘tgan yillar davomida shoiraning ijodiy yo‘lida sobit ekani, jamiyat beshigini tebratishga qodir zabardast shoiraga aylanib borayotgani diqqatga sazovor. Uning yangi kitoblari bilan tanishib, she’r bilan hamnafaslik, ijodiy izlanishdan sira to‘xtamagani, qalbini dunyoning o‘tkinchi tashvishlaridan asray olgani, yozganlarida o‘zgacha jilo va shakllarga guvoh bo‘lish mumkin.
[gallery-24268]
Kitoblarni o‘qir ekansiz, ijodkor ruhoniyatidagi talato‘plarning obrazli ifodasi o‘quvchilar oldida shoirning o‘ziga xos ulug‘vor qiyofasini tiklab boraveradi, lirik qahramonlari qiyofalarini turfa chizgilarda ifodalaydi. Har bir misraning o‘zi bir she’r taassurotini beradi.
Guli Nigor – iste’dodli shoir Chori Avazning qizi. U o‘zining tinimsiz izlanishlari bilan Zulfiya mukofotiga sazovor bo‘ldi, bir necha to‘plamlari chop etilgan. Otasi merosini butun dunyoga targ‘ib etish ishiga katta sabot bilan yondashib kelayotgani ibratlidir. Uning she’rlaridagi Vatanga tirgaklik, ota-onaga muhabbat, yaqinlarga nisbatan adoqsiz sog‘inch, yaqin do‘stlik kabi tuyg‘ular, bedor ruhiyatning go‘zal ranglari va boy ifoda imkoniyatlari o‘quvchi qalbida yangi hayratni uyg‘otadi. Yangi kitoblar ana shu yo‘ldagi yana bir muvaffaqiyatli qadamdir.
Guli Nigor Avazova millat qismatini o‘z qismati deb bilgan, komil inson bo‘lish yo‘lida to‘xtovsiz harakat qilayotgan, so‘z latofatini teran his qila oladigan, mahorat va bilimlarini muttasil oshirib borayotgan dilbar shoiradir. “Qarshinoma”, “Shavkat Rahmon”, “Singlimga”, “Do‘stimga”, “Dunyoda”, “Qo‘ng‘iroq”, “Beshinchi fasl” kabi she’rlar bunga yorqin misoldir.
Shu paytga qadar “Uyg‘on, ko‘ngil”, “Tong chorlovi”, “Hurligimni kuylayman”, “Saodatga yo‘llovchi maskan”, “Gulning ertagi” kabi kitoblari nashr etilgan. “Inson huquqlari – jurnalist nigohida”, “Yilning eng faol jurnalisti” respublika tanlovlari, “Oltin qalam” milliy mukofoti g‘olibi. Ayni paytda “Temiryo‘lkargo” aksionerlik jamiyatida matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. She’rlari turk va ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.
Tadbirda muallifning yangi kitobi, uning o‘ziga xos ijod yo‘li xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
Oybek Pardayev (suratlar),
O‘zA muxbirlari