English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rang – rassom uchun musiqadir
12:40 / 2021-05-07

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Teatr bezagi rangtasviri kafedrasi o‘qituvchisi, yosh iste’dodli rassom Furqat Bozorovning “Suv uzra samo” nomli ijodiy ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmani O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi rahbari Ibrohim Valixo‘jayev ochar ekan, bugun yurtimizda badiiy ijod, tasviriy san’at rivojiga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik yuksak darajada ekanligini, buning natijasida san’atga iste’dodli yosh avlod kirib kelayotganini qayd etdi.  

– Badiiy ijodda ayrim ijodkorlarning o‘zi, nomi taniqli, ammo birorta asarini bilmaysiz, – dedi Ibrohim Valixo‘jayev. – Ammo shunday vakillar borki, o‘zini tanimaysiz, asarlarini taniysiz, eshitgansiz, ijod namunalari orqali sizga tanish – bu ijod ahli uchun yaxshi holat, albatta. Furqat Bozorov ham ana shunday mehnatkash, asarlari orqali tanilayotgan ijodkorlardan. Rassom Furqat Bozorov ham ijodkor, ham oliygohdagi ustozlik faoliyati bilan yoshlarni o‘z ortidan ergashtirib, yangi ijodkor rassomlar avlodini tarbiyalashga o‘z hissasini qo‘shadi.

Darhaqiqat, rassomning yaratgan har bir asarida uning borliqqa bo‘lgan munosabati, o‘y-fikrlari, dunyoqarashi aks etadi. U o‘z ijodida qaysidir ma’noda o‘zini va o‘zligini, dunyoni qanday ko‘rayotganini va qanday ko‘rmoqchi ekanligini namoyon etadi. Tomoshabin esa ushbu kartinaga o‘z dunyosidan kelib chiqib nigoh tashlaydi. Shuning uchun ham yaratilgan asarlar turlicha talqin qilinadi, har ko‘rganda yangicha jilolanaveradi.

Furqat Bozorovning ijodida falsafiy va xalq og‘zaki ijodiga asoslangan mavzular yetakchilik qiladi. U atrofdagi voqelikni ko‘ringanidek emas, balki bundan chiqarilishi lozim bo‘lgan xulosa bilan birgalikda ifodalashga intiladi. Asarlarida insonlar hayoti, turmush tarzi, milliy qadriyatlarga munosabat yaqqol seziladi. Mazkur ko‘rgazmadagi asarlarida ham ayni shu mavzu yetakchi o‘rin egallaganiga guvoh bo‘lamiz.

– Ijodimda ramziylik ustuvorlik kasb etadi,– deydi rassom Furqat Bozorov biz bilan suhbatda. – Minimalizm, ya’ni kam narsa bilan ko‘p ma’noni anglatishga harakat qilaman. Kartinalarimda ortiqcha narsaning o‘zi yo‘q, iloji boricha nima tasvirlangan bo‘lsa, shuni gapirtirishga intilaman. Keraksiz elementlarni olib tashlayman. Asarning doim ikki tomoni bo‘ladi – muallifning aytadigan gapi va tomoshabin ko‘radigan tomoni. Men uchun muallifning aytadigan gapi muhim. Ammo tomoshabinning asarga e’tiborini jalb qilish, hayratlantirish ham juda qiyin. Ularni hayratlantirish uchun noodatiy nimadir o‘ylab topish, asarga chaqira olish muhim. Tomoshabinni chaqira olsangiz, demak, ikkinchi qadamni qo‘yish, ya’ni aytadigan gapingizni yetkazish imkoni paydo bo‘ladi. Asarlarimda milliy ruhni aks ettirishga harakat qilaman. Chunki milliylikdan uzilib, biror ish qilib bo‘lmaydi. Har bir rassom asarlarining millati bo‘lishi lozim. Asarni ko‘rgan insonda “bu yevropalik yoxud osiyolik” degan xulosa paydo qila olish kerak. Shu ma’noda milliylik o‘z-o‘zidan har bir asarimda o‘z ifodasini topadi.  

Rassom o‘z ijodi bilan bir qancha xalqaro va respublika ko‘rik-tanlovlarida g‘olib bo‘lgan. Ijodkorning asarlari Angliya, Fransiya, Turkiya, Germaniya, Rossiya kabi xorijiy davlatlarning kolleksiyalarida saqlanmoqda.

Furqat Bozorovning ijodi teatr va kino bilan bog‘liq,u ko‘plab kinofilmlarda rassom sifatida faoliyat olib borgan. Jumladan, “Zarb”, “Shunqorlar”, “Omadli yurish”, “Sadoqat” kabi badiiy filmlardagi bosh rassom sifatidagi faoliyatini rassom ijodining eng yuqori cho‘qqisi deb atash mumkin. Shuningdek, “O‘zbekiston” telekanalida “Ibratli hikoyalar” loyihasiga ishlangan illyustratsiyalar muallifi hamdir.

Rahimjon Rizomuhammedov, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Teatr bezagi rangtasviri kafedrasi dotsenti:

– Furqat Bozorovni 15-20 yildan beri bilaman, u juda mehnatkash, serqirra ijodkor. Kino va teatr bilan bog‘langan holda ijod qiladi. Ijodida uyg‘unlik bor, haqiqatga intilish, keksa avlodga hurmat bor. U har bir asarning o‘z koloritini, rangini, musiqasini topadi. Rang – bu rassom uchun musiqadir. U o‘z qo‘shig‘ini hech kimga taqlid qilmasdan yoza oladi. Bir asaridagi ranglar boshqasida takrorlanmaydi.  

[gallery-2317]

Muhtarama Komilova, O‘zA