Muborak Ramazon oyi — qalblar poklanadigan, mehr-oqibat va saxovat tuyg‘ulari yanada yuksaladigan ulug‘ ayyom. Bu oyda masjidlar nurga to‘ladi, taraveh namozlarida minglab mo‘minlar bir safda turib, yurt tinchligi va farovonligi uchun duo qiladi. Ana shunday muborak damlarda osoyishtalikni ta’minlash esa alohida mas’uliyat talab etadi.
Jizzax viloyatida Ramazon oyiga tayyorgarlik masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Viloyat hokimligi, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorligida masjidlar atroflicha o‘rganildi. Xususan, avtoturargohlar holati, tungi yoritish tizimi, videokuzatuv kameralari hamda yong‘in xavfsizligi vositalari ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha manzilli choralar belgilandi.
Joriy yilda viloyatdagi 172 ta masjidning 170 tasida taraveh namozlari ado etilishi rejalashtirilgan. Bu — minglab fuqarolarning kechki ibodatlarga tashrif buyurishi demakdir. Shu bois 112 ta masjidda doimiy avtoturargohlar mavjud bo‘lsa, qolgan hududlarda vaqtinchalik avtoturargohlar tashkil etilmoqda. Barcha masjidlarning videokuzatuv kameralari bilan jihozlangani esa xavfsizlikni ta’minlashda zamonaviy yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etayotganidan dalolat beradi.
[gallery-27630]
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Ramazon oyida fuqarolarning kechki paytlardagi harakati keskin oshadi. Shu bois savdo markazlari, bozorlar va boshqa gavjum joylarda ham jamoat tartibini saqlash uchun qo‘shimcha kuch va vositalar jalb etilgan. Bu choralar nafaqat tartib-intizomni ta’minlash, balki fuqarolar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan.
Ma’lumki, yurtimizda vijdon erkinligi kafolatlangan bo‘lib, fuqarolarning ibodat qilish huquqi davlat tomonidan himoya qilinadi. Shu bilan birga, diniy marosimlarni xavfsiz va uyushqoq tarzda o‘tkazish — barchamizning umumiy vazifamizdir. Ramazon oyida amalga oshirilayotgan bu kabi tizimli ishlar hamjihatlik va mas’uliyat tuyg‘usining amaliy ifodasidir.
Zero, tinch va osoyishta muhitda ado etilgan ibodat — qalblarga xotirjamlik, jamiyatga esa barqarorlik baxsh etadi. Ramazon fayzi yurtimizga fayzu baraka, xonadonlarimizga nur olib kirsin.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA