English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramazonda mehr va g‘amxo‘rlik: og‘ir bemorlarga jarrohlik uchun vaucherlar berilmoqda
12:32 / 2026-02-23

Ramazon — mehr-shafqat, bag‘rikenglik va saxovat oyi bo‘lib, bu davrda ijtimoiy ko‘makning ahamiyati yanada ortib boradi. Ijtimoiy ko‘mak nafaqat moddiy yordam ko‘rinishida, balki ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, g‘amxo‘rlik va e’tibor orqali ham namoyon bo‘ladi.

Bu ezgu amallar jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytiradi, kam ta’minlangan oilalarga yengillik yaratadi hamda insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydi. Shu bois, Ramazon oyida ijtimoiy ko‘mak nafaqat ehtiyojmandlar uchun, balki butun jamiyatning ma’naviy yuksalishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Ramazon kunlarida yurtimiz bo‘ylab insonparvarlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, og‘ir ahvoldagi, jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tashabbuslar jamiyat e’tiborida turibdi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro shahrida muborak Ramazon oyi munosabati bilan og‘ir ahvoldagi bemorlarga jarrohlik amaliyoti uchun maxsus vaucherlar topshirilmoqda. Mazkur xayrli tashabbus insonparvarlik, mehr-oqibat va ijtimoiy birdamlik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Jarayonlar ochiqlik va shaffoflik asosida tashkil etilgan bo‘lib, haqiqatan ham tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.  

Ijtimoiy himoyaga qaratilgan bunday amaliy ishlar Romitan tumanida ham izchil davom etmoqda. Tumanning Bog‘cha qishlog‘ida yashovchi Shahlo Subhonova uzoq vaqtdan buyon og‘ir xastalik sabab davolanishga muhtoj edi. Uning ahvoli ijtimoiy xizmatlar tomonidan o‘rganilib, zarur yordam choralari ko‘rildi. Shahlo opaga jarrohlik amaliyoti uchun vaucher topshirilib, tibbiy muassasada chuqur tekshiruvlardan o‘tkazildi. Bu amaliy ko‘mak uning sog‘lig‘ini tiklash va hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Xayrli ishlar Toshkent shahrida ham davom etmoqda. Xususan, Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolarga sog‘lig‘ini tiklash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun vaucherlar berilmoqda. Bu tashabbus ijtimoiy reyestrdagi oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularning tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Shu kabi ezgu ishlar Namangan tumani va To‘raqo‘rg‘on tumanida ham keng jamoatchilik ishtirokida amalga oshirilmoqda. Jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlarga topshirilayotgan har bir vaucher ortida bir insonning sog‘ayish umidi, bir oilaning ishonchi mujassam. Bu yordam nafaqat tibbiy imkoniyat, balki yangi hayotga dadil qadam tashlash uchun ma’naviy kuch ham bag‘ishlamoqda.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida Navoiy viloyatida ham minglab ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar ko‘plab xonadonlar uchun yengillik, ishonch va dalda manbaiga aylanmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy reyestrdagi oilalarning bemor a’zolari uchun davolanish va jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish maqsadida vaucherlar ham taqdim etilmoqda.

Mehr-shafqat va insonparvarlik tamoyillari Xo‘jayli tumanida ham o‘z ifodasini topmoqda. Bu yerda ham og‘ir ahvoldagi bemorlarga jarrohlik amaliyoti uchun maxsus vaucherlar topshirilib, ularning salomatligini tiklashga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Umuman, Ramazon oyida amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar yurtimizda inson qadri, mehr-oqibat va ijtimoiy birdamlik tamoyillari ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etmoqda. Og‘ir jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlarga ko‘rsatilayotgan yordam ularning hayotiga nafaqat tibbiy ko‘mak, balki yangi umid va kelajakka bo‘lgan ishonch ham bag‘ishlamoqda.

Bu kabi xayrli tashabbuslar barcha hududlarda davom  ettiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA