Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibat va insonparvarlik tamoyillarini hayotga tatbiq etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Ayniqsa, turli sinovlarga duch kelgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Inson hayoti, sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lash, ezgulik va adolat tamoyillariga sodiq qolish maqsadida 2024-yilda davlat rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonga bir guruh falastinlik mehmonlar olib kelingan edi.

Ularning taqdiriga befarq qolmasdan, har bir oilaning muammolarini o‘rganish va ularni mamlakatimizda yashashga moslashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, bugungi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida falastinlik 33 ta oilaning 32 nafar maktab yoshidagi hamda 13 nafar maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalari ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.
Shuningdek, ularning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda bolalar fan, sport, madaniy va til yo‘nalishlaridagi 14 ta to‘garakka jalb etildi.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga biriktirilgan falastinlik Mariam Aldaxma holidan xabar olindi.
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan ushbu xonadonda iftorlik tashkil qilinib, ular bilan samimiy suhbat o‘tkazildi.
Qayd etish lozimki, vazirlik tomonidan Mariam Aldaxma oilasi holidan doimiy ravishda xabar olinib, ularga zarur ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.
Xususan, uning farzandlari xususiy ta’lim markazlarida tahsil olish istagini bildirgani inobatga olinib, ular uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA