Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramazonda 500 oilaga xayr-saxovat ko‘rsatildi
12:13 / 2026-03-06

Ramazon — inson qalbida mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat tuyg‘ularini yanada yuksaltiruvchi muborak oydir. Bu faslda aholi o‘rtasida o‘zaro yordam, ehtiyojmandlarga ko‘mak berish, savobli ishlar qilish an’anasi yanada jonlanadi.

Mamlakatimizda ham ushbu fazilatli oyni munosib tarzda o‘tkazish, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyati hududiy filiali “Ona” jamoat fondi bilan hamkorlikda “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida xayriya aksiyasini tashkil etdi.

Mazkur aksiya doirasida Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 500 nafar kam ta’minlangan oilaga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan xayr-saxovat qutilari topshirildi.  

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyati hududiy filialining boshlig‘i, shahar Kengashi deputati Yulduz Usmonova bu kabi xayrli tashabbuslar Ramazon oyining ezgu qadriyatlarini namoyon etishini ta’kidlab,  jumladan shunday dedi:

–  Bu oyda ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish xalqimizga xos oliyjanob fazilatlardan biridir. Bugungi xayriya tadbiri orqali 500 nafar oilaning xonadonlariga Ramazon barakasi kirib borishiga hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz. Eng muhimi, bunday tadbirlar jamiyatda hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlaydi.

Xayriya tadbirida ishtirok etgan kam ta’minlangan oilalar vakillari ham ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirishdi. Ana shunday oila a’zolaridan biri Muhayyo Sotiboldiyeva qalbida kechgan o‘z tuyg‘ularini quyidagicha ifoda qildi:

–  Ramazon oyi arafasida ko‘rsatilayotgan bunday yordam biz uchun katta qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi. Oilamiz nomidan ushbu xayrli ishni tashkil etgan barcha insonlarga tashakkur aytaman.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri