O‘zbekistonda muborak Ramazon oyi munosabati bilan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Sirdaryo viloyatida 17 ming 73 ta oilaga jami 11 milliard 921 million so‘m miqdorida manzilli moddiy yordam ajratilib, mablag‘lar fuqarolarning ijtimoiy hamda bank plastik kartalariga o‘tkazildi.
— Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ramazon oyini munosib o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi Ijtimoiy to‘lovlar bo‘limining mudiri Behzod Nodirov. — Qarorga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj, davlat ta’minotidagi va kam ta’minlangan oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa etib belgilangan.

Ajratilgan mablag‘larning 6 ming 796 tasi 1 million so‘m miqdoridagi moddiy yordamdan iborat bo‘lib, ularning asosiy qismi davlat ta’minotidagi oilalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar, yolg‘iz yashovchi va parvarishga muhtoj keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar ham ushbu ko‘mak bilan qamrab olindi. Qolgan 10 ming 304 ta kam ta’minlangan oilaga esa 500 ming so‘mdan mablag‘ ajratildi.
– Ayni paytda moddiy yordamning ikkinchi bosqichi boshlandi. Joylarda “mahalla yettiligi” tomonidan “Ijtimoiy reyestr”da qayd etilmagan, biroq og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan oilalar aniqlanmoqda. Taqdim etilgan ma’lumotlar asosida ularga ham qo‘shimcha ravishda moddiy ko‘mak ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda, – deydi Behzod Nodirov.
Jarayonning shaffof va manzilli tashkil etilgani ijtimoiy himoya vositalari haqiqiy ehtiyojmand oilalarga yetib borishini ta’minlamoqda. Ramazon oyida ko‘rsatilayotgan bunday amaliy g‘amxo‘rlik yurtdoshlar o‘rtasida mehr-oqibat, saxovat va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri