Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramazon va ijtimoiy mas’uliyat: insonparvarlikning amaliy ifodasi
15:38 / 2026-03-02

Ramazon nafaqat ro‘za tutish, balki qalbni poklash, mehr-oqibatni kuchaytirish va jamiyatda o‘zaro g‘amxo‘rlikni mustahkamlash oyidir. Bu muborak oyda insonparvarlik, saxovat va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, ehtiyojmand insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish, ularning dardini yengillashtirish — jamiyat ma’naviy barkamolligining muhim mezoni hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Ramazon oyida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarorlar nafaqat iqtisodiy, balki chuqur ma’naviy ahamiyatga ham ega.

Xo‘sh, jamiyatda adolat va inson qadrini ta’minlashda manzilli ijtimoiy yordam qay darajada hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi?

Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassisi  Farid Nazarov shular xususida to‘xtalib o‘tdi:

– Mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va aholining kam ta’minlangan qatlamlariga manzilli yordam ko‘rsatishga qaratilgan chora-tadbirlar aynan shu savolga amaliy javob sifatida ko‘rilmoqda, – deydi   Farid Nazarov. – Ramazon oyi munosabati bilan qabul qilingan qaror ham ana shu ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Jumladan, “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga, yolg‘iz keksalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, yetim bolalarga hamda ota-ona qaramog‘isiz tarbiyalanayotgan bolalar bor oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratilishi belgilandi.  

Ana shunday muborak pallada ijtimoiy himoyaga eng muhtoj qatlamlarga manzilli ko‘mak ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida namoyon bo‘lib, uning ijtimoiy mas’uliyati va insoniy burchini amalda tasdiqlaydi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoya qamrovi yanada kengaytirilib, “kambag‘al oila” toifasiga kiritilgan oilalarga hamda mahalla darajasida aniq ijtimoiy holatdan kelib chiqqan holda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantiriladigan qo‘shimcha ro‘yxat asosida kiritilgan oilalarga 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratilishi belgilandi.  

Bugunga qadar, birinchi bosqichda 616 305 ta oilaga jami 422,4 mlrd. so‘m mablag‘ to‘lab berildi.

Shundan 207 661 ta — davlat ta’minotidagi oilalarga,  3 848 ta — yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga,  17 032 ta — yolg‘iz yashovchi, parvarishga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tegishli mablag‘lar ajratildi. 387 764 ta kam ta’minlangan oilaga esa 500 ming so‘mdan mablag‘ ajratildi.  

Ikkinchi bosqichda esa ro‘yxati qo‘shimcha shakllantirilgan hamda hujjatlari o‘rganilayotgan oilalarga moddiy yordam yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar a’zolari orasidan 6 ming nafar fuqaroning davolanishi va zarur jarrohlik amaliyotlarini moliyalashtirish choralari belgilandi.

Keng qamrovli ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun davlat tomonidan 800 milliard so‘m miqdorida moliyaviy resurslar yo‘naltirilishi belgilanib, ushbu qaror Davlatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qat’iy siyosiy irodasi va moliyaviy mas’uliyatining yorqin ifodasini ko‘rsatmoqda.  

Shuningdek,  “davlat ta’minotidagi oila” va “kambag‘al oila”larga ajratilayotgan moddiy yordamlar jismoniy shaxslar daromadi tarkibiga kiritilmaydi va daromad solig‘iga tortilmaydi. Ya’ni, ehtiyojmand fuqarolarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak to‘liq hajmda ularning ixtiyoriga yetkaziladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mazkur qaror yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlash  va ehtiyojmand aholi qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil siyosatning amaliy ifodasidir.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA