Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramazon tinchlik elchisi, go‘zal axloq va yaxshi odob fursatidir
10:26 / 2023-03-26

Allohga shukrlar bo‘lsinki, o‘n ikki oyning sultoni, rahmat va mag‘firat oyi bo‘lgan Ramazonni dillarda shodumonlik bilan o‘tkazmoqdamiz. Alloh taolo bu oyni yaxshilik va taqvo oyi qildi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham bu oyda barchani faol bo‘lishga, uning har bir kuni, soatini g‘animat bilishga chaqirib, bu oyni toatu ibodat, ko‘ngil so‘rash, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zish va rahm-shafqat oyi ekanini bayon qilganlar.

Ramazon – bu ro‘za oyi! Alloh taolo shunday marhamat qilgan: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyini intiqlik bilan kutar, uning yaqinlashganini kishilarga eslatib turar va sahobai kiromlarni u bilan tabriklab, munosib tayyorgarlik ko‘rishga chorlar hamda “Sizlarga Ramazon kirib keldi, muborak oy. Alloh sizlarga uning ro‘zasini farz qildi”, derdilar. Ramazon ro‘zasi musulmon odamga, aqlli insonga, balog‘atga yetganga, sog‘lom va muqim odamga, hayzu nifosdan pok ayolga farzdir. Musulmon bo‘lmagan, aqlidan zoyil bo‘lgan majnunga, balog‘atga yetmagan yosh bolaga ro‘za farz emas.

Bemor sog‘ayganidan so‘ng qazo ro‘za tutib beradi. Shuningdek, musofir yurtiga kelganidan keyin, uzrli ayollar hayzu nifosdan tozalangandan so‘ng tutmagan ro‘zaning qazosini tutib beradilar. Homilador yoki emizikli ayollar o‘zlariga va bolalariga ziyon yetmaydigan bo‘lganda, ro‘za tutadilar, o‘tkazib yuborgan ro‘zalarining esa qazosini tutadilar. Shayxi foniy, ulug‘ yoshdagi keksalar ro‘za tutishga qiynaladigan bo‘lsalar, ro‘za tutmay qo‘ya qoladilar. Uning o‘rniga fidya beradilar. Qiynalmaydigan bo‘lsalar, ro‘zalarini (yoki qazosini) tutadilar. Shuningdek, tuzalmaydigan bemorlar fidya beradilar.

Ramazon – tarbiya oyi! Bu oy hurmatidan jahannam eshiklari yopiladi. Insonlarga Allohning cheksiz rahmati yog‘ilib, ularga yaxshi imkoniyatlar yaratiladi. Ulardan oqilona foydalanib, ramazon oyini ibodatda o‘tkazgan har bir banda do‘zahdan ozod qilinadi. Salmon Forsiy roziyallohu anhu janob Payg‘ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qilgan hadisi sharifda shunday deyilgan: “Ey insonlar, buyuk va muborak oy sizlarga yaqin keldi. Bu oyda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Alloh taolo bu oy ro‘zasini farz, tunlardagi ibodatlarni sunnat qildi. Bu oyda kim Allohga yaqinlashtiradigan ezgulik qilsa, undan boshqa oyda ado etgan bir farz darajasini topadi va bu oyda bir farzni ado etgan kishi boshqa oyda yetmish farzni ado etgan kabi bo‘ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning javobi jannatdir. Bu ko‘mak va yordam oyidir. Bu oyda mo‘minning rizqi ko‘paytiriladi. Bu oyda kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, gunohlariga mag‘firat bo‘ladi, do‘zax o‘tidan o‘zini qutqaradi va ro‘zadorning ajridek ajrga ega bo‘ladi. Ro‘zadorning ajridan esa hech narsa kamaymaydi».

Ramazon tinchlik elchisi, go‘zal axloq va yaxshi odob fursatidir. Birov bilan tortishish, janjallashish asli yaxshi ish emas. Ramazonda bunday amallardan yanada uzoqroq bo‘lish, hatto birov so‘ksa ham, haqorat qilsa ham, unga ro‘zadorligini aytishdan boshqa javob qaytarilmaydi.

Ramazon – saxovat oyi! Dinimizda boshqa oylarga nisbatan Ramazon oyida xayr-saxovatga alohida e’tibor berishga targ‘ib qilinadi. Sababi bu oyda qilingan amalga juda ko‘p ajru mukofotlar beriladi. Ibn Abbos raziyallohu anhu Payg‘ambarimizning saxovatlarini madh etib shunday deganlar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyrog‘i edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy bo‘lib ketar edilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yaxshilikda yomg‘irli shamoldan ham saxiyroq bo‘lardilar (ya’ni, yomg‘irli shamol barchaga barobar foyda keltirgani kabi, U Zotning saxovatlaridan ham barcha bahramand bo‘lar edi” (Muttafaqun alayh).

Bu oydagi har bir kunimiz ezgu amallarga, xayr-saxovatga boy bo‘lmoqda. Masjidlarimizda taroveh namozlari o‘qilmoqda. Iloho, bu oyda tutayotgan ro‘zalarimiz, qilayotgan toatu ibodatlarimiz, xayru saxovatlarimiz hamda duo-yu iltijolarimizni Alloh qabul qilsin! Jonajon vatanimizni tinch-osoyishta, xalqimizni farovon aylasin!

Ubaydulloh ABDULLAEV,

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

O‘zA