Bu yil Ramazon oyi munosabati bilan davlatimiz rahbari ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, ijtimoiy reyestrning “davlat ta’minotidagi oila” toifasidagi oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestridagi fuqarolarga, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan. Ijtimoiy reyestrning “kambag‘al oila” toifasidagi oila hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarga esa 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam beriladi. Shuningdek, ijtimoiy reyestrdagi oilalarning bemor oila a’zolarining davolanishi va jarrohlik amaliyoti o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlari ham qoplab beriladi.
Bu ishlarni amalga oshirishda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan. Ayni paytda mazkur idoralarning Samarqand viloyatidagi boshqarma va vakillari tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
– Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan birga zarur chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqqanmiz, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sherali Yo‘ldoshev. – Avvalo, boshqarmada hamkor tashkilotlar mas’ullaridan iborat shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Aholidan kelib tushadigan murojaatlar va savollarga o‘z vaqtida javob berish uchun “Call markaz” tashkil etildi. Viloyatning barcha tuman (shahar)lardagi aholining ehtiyojmand qatlamiga bir martalik moddiy yordam berilishi yuzasidan 83 ming 285 ta xabarnoma flayer hamda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi va davolash bo‘yicha oilalarga vaucher yetkazildi. Hozirda viloyatdagi moddiy yordam ajratilishi rejalashtirilgan 83 ming 285 ta oilaga jami 55,7 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilmoqda.
Hududiy hokimliklar hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari, ijtimoiy himoya milliy agentligi va sog‘liqni saqlash xodimlari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida ehtiyojmand 767 nafar fuqaroda yuqori texnologik tibbiy muolajalar o‘tkazilishi rejalashtirildi. Dastlabki bosqichda 112 nafar fuqaro ro‘yxati shakllantirilib, MISS SSV elektron dasturiga kiritildi va ularga vaucherlar tarqatildi.
Joriy yil 2-mart holatiga, 23 nafar bemor ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari va respublika ixtisoslashgan tibbiy markazlarning viloyat filiallariga yotqizilib, davolanish amaliyotlari boshlandi. 3 nafar bemor Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida davolanib chiqdi.
[gallery-27948]
Narpay tumanda yashovchi A.Berdiqulov ancha vaqtdan buyon son suyagi yemirilishi xastaligidan aziyat chekardi. Bu yilgi Ramazon oyi kunlarida u ushbu darddan forig‘ bo‘ldi. Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida uning son suyagini endoprotezlash operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 2008-yil tug‘ilgan O.Nasriddinova esa operativ davolanishi uchun Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga yotqizilib, unda endoskopik polipotimiya operatsiyasi amalga oshirildi.
Viloyatda qaror ijrosi yuzasidan belgilangan ishlar izchil bajarilib, kunlik monitoring yuritilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari