Davlatimiz rahbari saxovat, mehr-oqibat va shukronalik oyi Ramazonda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Shu munosabat bilan tegishli idora va tashkilotlarga zarur topshiriqlar berildi.
Yuqoridagi vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan yirik savdo tarmoqlari hamda respublika hududlaridagi savdo komplekslariga rasmiy ko‘rsatmalar yuborildi.
Unga ko‘ra, Ramazon oyi arafasida talab keskin ortishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilandi. Chakana savdo tarmoqlari va hududlardagi savdo komplekslariga mahsulot yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan, narxlarni o‘zgartirish holatlari, logistika xarajatlari oshishi, mahsulot tannarxiga ta’sir etuvchi boshqa omillar yuzasidan Qo‘mitani tezkor ravishda xabardor qilib borish talab etilmoqda. Shuningdek, yetkazib beruvchilarni asossiz narx oshirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha doimiy ravishda ogohlantirib borish yuzasidan topshiriqlar berilgan.
Qo‘mita xalqimiz uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash borasida o‘z vakolatlari doirasida barcha zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qildi.
Ramazon oyi davomida bozorlarda sun’iy tanqislik va asossiz narx oshirish holatlarining oldini olish ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA