Ramazon oyida keksalar holidan xabar olindi
Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar "Nuroniy" jamg‘armasi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda davlatimiz rahbarining muborak Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qator xayrli tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, poytaxtda istiqomat qilayotgan 30 nafar urush qatnashchisi hamda 24 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj front orti qatnashchisiga oziq-ovqat mahsuloti va pul mablag‘i berildi. Ularga hurmat va e’tibor ko‘rsatish maqsadida xonadonlariga tashrif buyurilib, tabriklar yo‘llandi.


Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumani "Ulug‘bek" shaharchasida istiqomat qiluvchi 106 yoshli Qunduz Usametova hamda Pastki yuz mahallasida yashovchi 107 yoshli To‘xtajon Shermatova xonadoniga tashrif buyurib, ular bilan suhbatlashildi.
Shuningdek, barcha tumanlarda keksa insonlar holidan xabar olish, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirilmoqda.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA