Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramazon oyida ehtiyojmand aholiga qo‘shimcha ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi
12:23 / 2026-02-23

Bu yilgi muborak Ramazon oyi xalqimiz hayotida chinakamiga tarixiy ahamiyat kasb etmoqda.

Ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘shimcha ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2026-yil 17-fevral kunidagi qaroriga muvofiq, Ramazon oyida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan “davlat ta’minotidagi oila” toifasidagi oilalarga, shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi fuqarolar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiyalanayotgan oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan “kambag‘al oila” toifasidagi hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarga 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Qayd etilishicha, moddiy yordamlar aniq mezonlar asosida, Ijtimoiy reyestr orqali tayinlanadi.

Ushbu dastur Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Vaqf xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilmoqda. Qashqadaryo viloyati misolida olinadigan bo‘lsa, 70 mingdan ortiq oilaga ana shunday moddiy yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda hududlarda bir martalik moddiy yordam tayinlangani haqidagi flayerlar tarqatilmoqda.

Jumladan, Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi, boquvchisini yo‘qotgan Gulira’no Sherqulova ikki nafar qizi bilan yashaydi. Prezident tashabbusi doirasida ko‘rsatilayotgan moddiy yordam mazkur oilaga ham yetib keldi. Ramazon oyida berilgan bir martalik yordam ularga quvonch bag‘ishladi.

Umuman olganda, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar jamiyatimizda mehr-shafqat, saxovat va inson qadrini ulug‘lash tamoyillari ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri