Samarqand viloyatida Ramazon oyi munosabati bilan ijtimoiy ko‘makka muhtoj 767 nafar fuqaroda yuqori texnologik tibbiy muolajalar o‘tkazilishi rejalashtirildi. Bu fuqarolar ro‘yxati tuman (shahar) hokimliklari, mahalliy kengashlar, ijtimoiy himoya milliy agentligi hududiy boshqarma va bo‘limlari, tibbiy muassasalar tavsiyasi asosida shakllantirildi.
– Davlatimiz rahbarining shu yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida bu muqaddas oyni “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazish, kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash belgilangan, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev. – Jumladan, ijtimoiy himoya milliy reyestriga kiritilgan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazishga muhtoj bemorlarga ushbu muborak oyda zarur tibbiy yordam ko‘rsatib, ularni sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bugungi kunda viloyatimizda dastlabki bosqichda 112 nafar fuqaro ro‘yxati shakllantirilib 111 nafari order olish uchun MISS SSV elektron dasturiga kiritilib vaucherlar tarqatildi. Rejalashtirilgan barcha amaliyotlar viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti bolalar xirurgiyasi markazi, respublika ixtisoslashgan tibbiy markazlarining viloyatimizdagi filiallarida bajariladi. Bugungi kungacha 16 nafar bemor tibbiy muassasalarga joylashtirilib, ularga davo muolajalari boshlandi. 3 nafar bemor respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida davolanib, salomatligini tikladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra ro‘yxati shakllantirilgan 112 nafar bemorning davolanishi uchun 2,3 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi va bu mablag‘ “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan to‘lab beriladi.
– Bolamning yuragidagi nuqsonini operatsiyasiz davolash mumkin emasligi, operatsiya uchun esa kattagina mablag‘ kerakligini o‘ylab siqilardim, – deydi Ishtixon tumanida yashovchi Manzura Sirojiddinova. – Lekin Prezidentimizning g‘amxo‘rligi va e’tibori bilan bugungi Ramazon kunlarida ko‘plab bemorlar qatori mening bolam ham davlat tomonidan ajratilgan mablag‘ evaziga operatsiya qilinib, sog‘lom hayotga qaytdi. Buning uchun tibbiyot xodimlariga, davlatimizga mingdan ming rahmat aytaman.
Viloyat bo‘yicha 767 nafar bemorda yuqori texnologik tibbiy muolajalarni joriy yilning fevral, mart va aprel oylariga o‘tkazish mo‘ljallangan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri