French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramazon oyi munosabati bilan aholining ehtiyojmand qatlamiga moddiy ko‘maklar ko‘rsatiladi
09:58 / 2026-02-18

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, ertadan boshlanadigan Ramazon oyi munosabati bilan aholining ehtiyojmand qatlamiga moddiy ko‘maklar ko‘rsatiladi. Jumladan: 

a) Ijtimoiy reyestrning "davlat ta’minotidagi oila" toifasidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestridagi fuqarolar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi; 

b) Ijtimoiy reyestrning "kambag‘al oila" toifasidagi hamda "mahalla yettiligi" tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarga 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;

v) Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning 6 ming nafar bemor a’zolarining davolanishi va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlari qoplab beriladi. 

Ushbu tadbirlar "Vaqf" xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 800 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. 

Qarorga muvofiq, besh kun muddatda mazkur qarorda nazarda tutilgan moddiy yordamlar ajratiladigan oilalarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi hamda "Vaqf" xayriya jamoat fondiga taqdim etiladi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi: 

a) "Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator - "UZINFOCOM" MCHJ bilan birgalikda 2026-yil 1-martga qadar mazkur qarorga muvofiq davolanadigan yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladigan bemorlarni tibbiyot tashkilotlariga yo‘llash bo‘yicha axborot modulini ishga tushiradi; 

b) davolanish yoki jarrohlik amaliyotiga muhtoj Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning a’zolarini axborot moduliga kiritgan holda tegishli tibbiyot tashkilotiga yo‘llanishi va davolanishini tashkil qiladi; 

v) davolangan yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning a’zolari, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va tibbiyot tashkilotlariga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lar hisob-kitobini "Vaqf" xayriya jamoat fondiga taqdim etib boradi. 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi: 

a) 2026-yil 1-martga qadar AT "Xalq banki" va Agentlik bilan birgalikda Ro‘yxat asosida oilalarning ijtimoiy karta yoki bank plastik kartalariga bir martalik moddiy yordamni o‘tkazadi; 

b) davolangan yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning a’zolari va ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun zarur mablag‘larni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining ma’lumotlari asosida tegishli tibbiyot tashkilotlariga o‘tkazib boradi.

O‘zA