Barcha hududlarda bo‘lgani kabi Navoiy viloyatida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oila a’zolari, nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun iftorlik dasturxonlari yozilmoqda.
Keyingi yillarda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassamlashtirgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2026-yil 16-fevral kuni qabul qilingan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ham ana shu ezgu maqsadni o‘zida mujassam etganligi bilan ahamiyatlidir. Qarorda Ramazon oyini milliy an’ana hamda qadriyatlarga mos va munosib tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.


Bejizga Ramazon oyiga ezgu fazilatlar va mehr-muruvvat oyi, deya ta’rif berilmagan. Chunki bu oyda kishilar bir-birini yo‘qlashadi. Bu dunyoni tark etganlar oilasi holidan xabar olinib, sovg‘a-salomlar beriladi, homiylik yordamlari ko‘rsatiladi. Iftorlik dasturxonlari yozilib, ko‘ngillar shod etiladi.

Navoiy viloyati Qiziltepa tuman hokimligi tashabbusi bilan “XXI asr” tantanalar maskanida nuroniy otaxon va onaxonlar, mahalla faollari, oqsoqollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.

To‘kin dasturxon atrofida Muborak Ramazon oyida insoniylik tuyg‘ulari bo‘lmish mehr-muhabbat, saxovat va oqibat haqida so‘z yuritildi. Nuroniylar yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi uchun shukronalik bildirib, duoga qo‘l ochdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA