Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Muborak Ramazon oyi — qalblar musaffolashib, ezgulik va saxovat tuyg‘ulari yuksaladigan, mehr-muruvvat va hamjihatlik jamiyat hayotining bosh mezoniga aylanadigan ulug‘ ayyomdir. Ana shunday fayzli kunlarda Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida aholi manfaatlariga xizmat qilayotgan ezgu tashabbus — arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkasi tashkil etildi.

“Tayyorlov” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida o‘tkazilayotgan mazkur yarmarka davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosining amaliy ifodasidir. Unda belgilangan vazifalarga muvofiq, aholiga yanada qulay sharoit yaratish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda iste’mol bozorida narxlar barqarorligini ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Yarmarka rastalarida bugun 23 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari hamyonbop narxlarda taklif etilmoqda. Un, guruch, shakar, yog‘-moy, go‘sht, tuxum va kundalik ehtiyoj uchun zarur boshqa mahsulotlar sotuvga qo‘yilib, xaridorlarni xursand qilmoqda. Tashkil etilgan tartib-intizom, shaffoflik va qulaylik muhiti Ramazonga xos poklik va halollik tamoyillari bilan uyg‘unlik kasb etgan.

Mas’ullar ta’kidlaganidek, bunday savdo tadbirlari aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash barobarida, bozorlarda narx-navoning asossiz oshib ketishining oldini olish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar orqali saxovat va bag‘rikenglik ruhi amalda namoyon bo‘lib, ehtiyojmand oilalar dasturxoniga baraka ulashilmoqda.

Ramazon — shukronalik, bag‘rikenglik va yaxshilik oyi. Zarbdordagi mazkur yarmarka esa ana shu ulug‘ fazilatlarning hayotiy ifodasi sifatida yurtdoshlar qalbiga iliqlik, xonadonlarga fayzu baraka ulashmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri