English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramazon – najot oyi
13:32 / 2022-04-09

Ramazoni sharif oylar ichida eng muborak oy hisoblanadi. Ramazon – mo‘min bandalarga Yaratganning ulug‘ ajrlariga yetishish uchun imkon eshiklarini ochib berguvchi najot oyidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ramazon oyini madh etib: "Bu shunday oyki, uning avvali rahmatdir", deydi. Ya’ni, bu oyda tutilgan ro‘za va qilingan ezgu amallar bilan Allohning rahmatiga dohil bo‘linadi. "Ramazonning o‘rtasida esa bandaning gunohlari mag‘firat etiladi", deyiladi. Demak, gunohlarimiz, xato va qusurlarimiz ko‘p bo‘lsa-da, ramazonning yarmiga yetganda tutgan ro‘zamiz evaziga Alloh gunohlarimizni kechiradi. Yana payg‘ambarimiz (s.a.v.) ramazonning oxirida esa oyni ro‘za tutib o‘tkazgan bandalar jahannamdan ozod bo‘lishini marhamat qilganlar.

Har bir mo‘min banda ushbu muborak oyning odob va tartiblariga rioya qilmoqligi muhimdir.

Ramazon oyi odob va tartiblari deganda, nimalar tushuniladi? Bu xususda Qur’oni Karim va hadislarda juda ko‘p ko‘rsatmalar berilgan. Jumladan, ramazon kirishi bilan har bir mo‘min eng avvalo, tilini yomon so‘zlardan, ya’ni g‘iybatdan, yolg‘ondan saqlamoqligi kerak. Chunki ulamolar "Alloh uchun ro‘za tutib, o‘zingizni Alloh halol qilgan narsalarni yeyishlikdan tiyilasizlaru sizlarga Alloh harom qilgan narsani yeysizlarmi? Ya’ni (insonlarni g‘iybat qilib, gunohlarni yeysizlarmi) deb marhamat qilganlar.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kishiki yolg‘on so‘zlamoqni tark etmasa va Alloh qaytargan narsadan qaytmasa, ro‘za tutib, yemay-ichmay qo‘ygani bilan ro‘zasi qabul bo‘lmaydi. Alloh unga rahmat nazarini tashlamaydi".

Yana dinimiz ko‘rsatmalarida ramazon oyida mo‘minlar atrofidagi insonlarga tili va qo‘li bilan ozor bermasligi aytilgan. Chunki Payg‘ambarimiz (s.a.v.) "Kishi Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, bas u inson gapirsa, yaxshi ishni gapirsin yoki jim tursin", deb marhamat qilganlar. Shu bois ham ushbu muborak oyda har bir inson Allohga tavba qilmoqligi, shu bilan birga, insonlarga ozor yetkazishdan saqlanmoqligi kerak. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Tavbaga shoshilinglar o‘lim kelmasdan oldin" deganlar va yana bu oyda har bir mo‘min faqirlarning xolidan xabar olib, ularga yordam qo‘lini cho‘zmoqlari, hech bo‘lmasa iftorliklariga bir qultum suv bilan bo‘lsa ham ularga mehru muhabbatlarini ko‘rsatmoqliklari lozimdir. Bu haqida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kishi bu oyda bir ro‘zadorni (bir qultum suv bilan bo‘lsa ham) so‘rab qo‘ysa, Alloh unga kavsaridan bir sharbat in’om etadi, uni ichgan kishi aslo tashna bo‘lmaydi", deganlar.

Ushbu muborak oyda bandalar yetimlar holidan xabar olib, ularning o‘ksik qalblarini shod qilmoqlari lozimdir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kim bir yetimni kafolatini olsa, bas u men bilan jannatda birga bo‘ladi", deganlar. Yana bu muborak oyda har bir inson imkon boricha atrofdagilarga yordam qo‘lini cho‘zmog‘i lozim. Zero, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) "Kim bir musulmonning qiyinchiligini yengillashtirsa, Alloh taolo u bandasini qiyomat kuni qiyinchiliklarini yengilatadi", deya marhamat qilganlar.

Muborak ramazon oyida Alloh barchalarimizni yuqorida aytib o‘tilgan amallarga rioya qilishimizni, ramazon oyini chiroyli o‘tkazib, Yaratganning marhamatiga yetishishlikni nasib etsin.

Abduhalim Hamraqulov, 
Andijon shahridagi "Oqgo‘r" jome’ masjidi imom-xatibi.
O‘zA