Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat kabi an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib qilish maqsadida iftorlik va xayriya tadbirlari tashkil etilmoqda.

Muborak Ramazon oyi – qalblarni poklaydigan, insonlarni ezgulikka chorlaydigan, mehr-oqibat va saxovat tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydigan muqaddas oy. Bu oyda amalga oshirilgan har bir savobli amal, ko‘rsatilgan yaxshilik inson qalbida shukronalik va mehr tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Ramazon oyi munosabati bilan Bojxona qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy va To‘rtko‘l tumanlarida qo‘y so‘yilib, ehtiyojmand oilalarga tarqatildi. Ayniqsa, chekka qishloqlarda yashovchi kam ta’minlanganlar uchun bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik alohida quvonch bag‘ishladi.

Shuningdek, ushbu tumanlarda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand aholi vakillari uchun iftorlik dasturxoni ham yozildi. Unda so‘zga chiqqanlar xalqimizni muqaddas Ramazon oyi bilan qutlab, joylarda “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan tadbirlar odamlar o‘rtasida muruvvat, mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbirda muborak oyda imkoniyati cheklangan, ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu amallar xalqimizga xos insoniylik fazilat, mehr-oqibat va saxovat namunasi ekanligi qayd etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.