Prezidentning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, mamlakatimizning turli davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarida ham qator ma’naviy-ma’rifiy taddbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Praga shahrida O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” g‘oyasi doirasida uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbir xorijda yashayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash va milliy qadriyatlarni targ‘ib qilishga qaratilgan.
Ushbu shahardagi O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasida o‘tgan uchrashuvda 120 nafardan ortiq talaba va diaspora vakillari ishtirok etdi.
Suhbatda yoshlarning ta’limga mas’uliyat bilan yondashishi, moliyaviy va huquqiy majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishi, shuningdek, Chexiya migratsiya qonunchiligiga qat’iy rioya etishi masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, "Turkiston" madaniyat markazida vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda 250 nafarga yaqin yurtdoshlar qatnashdi. Ma’ruzalarda Ramazon oyi fazilatlari, shaxsiy intizom va mas’uliyat masalalariga alohida urg‘u berildi.
Yurtimiz delegatsiyasi a’zolari Tesla kompaniyasining Chexiyadagi yirik qurilish ob’ektiga ham tashrif buyurdi. U yerda mehnat qilayotgan 100 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi bilan ish joyida ma’rifiy muloqot o‘tkazilgan.
Shuningdek, Pragadagi "Sulaymon" turk madaniy markazida 250 nafarga yaqin vatandosh ishtirokida iftorlik tadbiri tashkil etildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA