Xalqimiz uchun asrlar davomida ezgulik, mehr-oqibat, xayr-u-sahovat, ma’naviy poklanish ayyomi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyida qilingan har bir ezgu amal yurtga barokat olib keladi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonining imzolanishi qanchadan –qancha xonadonlarga katta hursandchilik kirib borishiga sabab bo‘ldi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 426 nafar shaxs afv etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BCe2rNj4l3U" title="Ramazon hayitida 426 nafar mahkum avf etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Afv etilgan shaxslarning 135 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 200 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 26 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi. Shuningdek, 65 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Zangiota tumanidagi 1-mintaqaviy hudud 21-son jazoni ijro etish koloniyasida ham farmon ijrosi doirasida bir guruh mahkumlar o‘z oilalari bag‘riga qaytadigan bo‘lishdi. Aytish kerakki, jazodan ozod etishdan oldin ular ijtimoiy hayotga moslashtirilib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishlari, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun har tomonlama ko‘maklashildi.
To‘g‘ri, bugun jazoni ijro etish muassasalarida muhit sog‘lomlashtirilgan, mahkumlarning haq-huquqlari qat’iy qonun himoyasida. Lekin, ozodlikka nima yetsin. Ayniqsa, ulug‘ ayom kunlarini oila bag‘rida, to‘kis o‘tkazishga yetmaydi hech bir narsa. Inson xato qiladi, o‘sha paytda oqibatini o‘ylamaydi, biroq o‘z vaqtida xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarish ham baxt-u-saodatga erishish borasida qo‘yilgan yana bir muhim qadamdir.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA