Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramazon ezgulik va saxovat oyidir
13:20 / 2025-03-08

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh Abdullayev bilan suhbatimiz shu haqida bo‘ldi.

Ramazon – bu musulmonlarning eng ulug‘ oyi bo‘lib, u Alloh taoloning marhamati va barakasi yog‘iladigan, savoblar ko‘payadigan, duo va tavbalar qabul bo‘ladigan mo‘’tabar oydir. Ushbu oyni chin dildan e’zozlab o‘tkazish, ro‘za tutish, Qur’on o‘qish, xayr-ehson qilish va yaxshilikni keng yoyish har bir musulmon uchun sharafdir.

Ramazon oyining ulug‘ligini tasdiqlovchi oyatlar va hadislarda uning fazilatlari alohida ta’kidlangan. Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi:

“Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan”(Baqara surasi, 185-oyat).

Bu oy Alloh taolo tomonidan mo‘minlarga rahmat sifatida yuborilgan bo‘lib, unda Qur’on nozil bo‘lgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Ramazon oyining ulug‘ligi haqida shunday marhamat qilganlar:

“Ramazon ro‘zasini iymon va savob umidida tutgan odamning o‘tgan gunohlari kechiriladi”.

Bu hadisdan ham ko‘rinib turibdiki, Ramazon musulmonlarga gunohlardan poklanish, qalbini tozalash va Allohning rahmatiga erishish imkoniyatini beradi.

Ramazon – bu faqat och va tashna yurish oyi emas, balki mo‘minlarning o‘zini tarbiya qilish, gunohlardan tiyilish va jamiyatga foyda keltirish vaqti hamdir. Ayniqsa, xayr-ehson qilish bu oyda alohida ahamiyat kasb etadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida barcha odamlarga mehribon bo‘lib, saxovatda barchaga namuna bo‘lganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli inson edilar. Ramazonda Jabroil alayhissalom u zotning huzurlariga keladigan paytlarda esa yanada saxiy bo‘lib ketardilar. U zot sollallohu alayhi vasallam insonlarga esuvchi shamoldan ham tezroq saxiylik qilishga shoshardilar”(Buxoriy va Muslim rivoyati).

Mazkur hadisdagi tasvir Payg‘ambarimizning xayr-ehson qilishdagi shijoat va mehribonliklarini ochiq-oydin namoyon etadi.

Tarixda Ramazon oyida xayr-ehson qilib, odamlarga foyda keltirgan buyuk insonlar juda ko‘p bo‘lgan. Bir necha ibratli voqealarni keltirsak:

Muallo ibn Fazl aytadilar: “Solih zotlar Ramazon oyi kirishidan olti oy oldin Alloh taolodan Ramazon oyiga yetkazishini so‘rab duo qilar edilar. Ramazondan keyingi besh oy mobaynida Ramazon oyida qilgan ibodatlari va solih amallarini qabul qilishini iltijo qilib so‘rardilar”.  

Imom Zahabiy rahmatullohi alayh aytadi: “Hammod ibn Abu Sulaymon saxiy boy kishi edi. Ramazon oyida har kuni yuz kishiga iftorlik qilib berardi. Iyd namozi o‘qib bo‘lingandan so‘ng ularning har biriga yuz dirhamdan ehson berardi”.

Bunday ibratli holatlar bugungi kunda biz uchun ham namunadir. Agar har bir musulmon qo‘lidan kelganicha odamlarga yaxshilik qilsa, jamiyat yanada ahil va barakali bo‘ladi.

Ramazon oyi  bu nafaqat ro‘za tutish, balki insoniylik, saxovat va ezgulik oyidir. Har bir mo‘min bu oyda imkon qadar Qur’on o‘qib, Allohga yaqinlashishi, xayr-ehson qilib, muhtojlarga yordam berishi, oilasi, qo‘shnilari va jamiyat uchun foydali ishlarni qilishga harakat qilishi lozim.

Oy davomida qilingan har bir yaxshilik, ozgina sadaqa va hatto birovga mehr bilan muomala qilish ham katta savoblarga sabab bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar:Kimki ro‘zadorni iftor qildirsa, bas, unga uning savobi mislicha berilur(Imom Bayhaqiy rivoyati).

Shunday ekan, ushbu muborak oyda vaqtimizni behuda o‘tkazmasdan, ibodat va yaxshiliklar bilan band bo‘laylik. Alloh taolo barchamizni Ramazon oyining barakalaridan bahramand qilsin!

M.Obidov,

O‘zA