FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2026-yil muborak Ramazon oyi 19-fevraldan boshlanishi haqidagi axborotiga muvofiq, davlatimiz rahbari tomonidan ushbu qutlug‘ oyni munosib o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, hududlarda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos, munosib tarzda o‘tkazish, uning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, odamiylik, mehr-shafqat va saxovat fazilatlarini keng targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish vazifalari belgilab berildi. Shuningdek, yurtimizdagi tinch va osoyishta hayotni qadrlash g‘oyasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-27757]
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, Surxondaryo viloyatida ham muborak oyni munosib kutib olish va o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.
— 18-fevraldan viloyatdagi 133 ta jome masjidda tarovih namozlari ado etishga kirishildi, - deydi Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Rasuljon Abdullayev. — Masjidlarda ibodat qiluvchilar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Xatmonalar idora tomonidan belgilangan tartib asosida, barcha masjidlarda bir vaqtda boshlanib, yagona tartibda o‘qilib, muborak oyning Qadr kechasida yakunlanadi.
Oy davomida hududlarda mehr-muruvvat tadbirlari, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli ishlarga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zA fotomuxbiri
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar.