Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramazon – ezgulik bardavom bo‘ladigan oy
11:39 / 2026-02-19

Prezidentimizning Ramazon oyi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi har bir yurtdoshimiz qalbida alohida bir tuyg‘uni uyg‘otdi. Bu tabrik oddiy bayram qutlovi emas, balki xalqimizni yana bir bor ezgulikka, saxovatga, bag‘rikenglik va shukronalikka da’vat etuvchi ma’naviy chaqiriqdir.

Ramazon – mag‘firat oyi. Bu oyda inson nafaqat ro‘za tutadi, balki qalbini poklaydi, yaxshi niyatlar qiladi, savobli ishlarga qo‘l uradi, amallarini taroziga soladi.  

Yurtimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani bejiz emas. Prezidentimiz tabrigida ta’kidlanganidek, mahalla va xonadonlarni obod qilish, ehtiyojmandlar holidan xabar olish, keksalarga e’tibor qaratish, qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash kabi ishlar aynan Ramazon ruhi bilan hamohangdir.

Ayniqsa, joriy yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani ramziy ma’noga ega. Chunki, jamiyatni yuksaltirish avvalo, insonni yuksaltirish demakdir. Inson esa ma’naviyat bilan, mehr-oqibat bilan, yaxshilik bilan yuksaladi.

Ramazon kunlarida yurtimizda saxovat va xayriya ishlari yanada keng quloch yoyishi yangilik emas. Bu oyda kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish, bemorlar holidan xabar olish, masjid va ziyoratgohlarni obod qilish ishlari yanada faollashadi.  

Prezidentimiz tabrigida yurtimizda islom madaniyati va merosini asrab-avaylash, buyuk allomalarimiz xotirasini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida ta’kidlandi. Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqandda bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi kabi majmualar xalqimizning ma’naviy yuksalishida muhim o‘rin tutadi. Bu muqaddas maskanlarda ajdodlar ruhiga ehtirom ko‘rsatish, ularning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish Ramazon oyining ruhiga mos ulkan savob ishlardir.

Bugun dunyoning ayrim hududlarida mojarolar, ziddiyatlar davom etayotgan bir paytda, Ramazon oyi barchamizni tinchlik va hamjihatlikning qadriga yetishga chorlaydi. Mehr-muhabbat, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat insoniyatni qutqaradigan eng katta kuchdir. Yaxshilik dunyoni asraydi. Insondan esa yaxshi nom, ezgu amallar qoladi.

Ramazon nafaqat ibodat, balki insoniy fazilatlarimiz namoyon bo‘ladigan palla. Shunday ekan, ushbu muborak oy har birimizga mag‘firat, mehr va baraka oyi sifatida ezgu ishlarimizga qanot bag‘ishlasin. Zero, yaxshilik bardavom bo‘lgan jamiyatda inson qadri ham  ulug‘lanadi, yurtimiz obod, turmushimiz farovon bo‘ladi.  

Mohigul Qosimova, O‘zA