Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ramafosa: Janubiy Afrika yangi davrga kirmoqda
10:49 / 2024-06-20

Siril Ramafosa Janubiy Afrika Prezidenti lavozimini yana bir bor egalladi. Inauguratsiya marosimida 18 davlat, asosan Afrika mamlakatlari davlat, hukumat rahbarlari ishtirok etdi.

“TASS” xabariga ko‘ra, Ramafosa qasamyod qildi va Janubiy Afrika yetakchisi sifatida ikkinchi besh yillik muddatni boshladi. Poytaxt Pretoriyada, hukumat Ittifoqi binolari majmuasi hududida bo‘lib o‘tgan marosim SABC davlat media guruhi tomonidan efirga uzatildi.

14 iyun kuni Ramafosa milliy parlament quyi palatasi – Milliy assambleya deputatlarining ko‘pchiligi tomonidan qayta saylandi. Ramafosa boshchiligidagi Afrika Milliy Kongressi (ANK) partiyasi bilan birga JARda oq tanli ozchilik manfaatini himoya qiluvchi Demokratik alyans (DA) ham unga ovoz berdi. ANK va DA Ramafosa yetakchiligida milliy birlik hukumatini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Binobarin, 29 may kuni bo‘lib o‘tgan umumiy saylovda hech bir partiya ko‘pchilik ovoz qo‘lga kirita olmagan.

Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa qasamyod qabul qilib, ikkinchi muddat davlat rahbari lavozimiga kirisharkan, shunday dedi:

– Janubiy Afrika yangi taraqqiyot davriga qadam qo‘ymoqda. Ayni jarayon mamlakat oldida turgan murakkab muammolarni hal qilish uchun birdamlik va qat’iy mehnat talab qiladi. Prezident sifatida taraqqiyotimizning yangi davrida paydo bo‘layotgan savollarga javob topishda bizga yordam berishga tayyor barcha siyosiy partiyalar, kuchlar bilan hamkorlik qilaman. Xalqimiz respublika rahbarlaridan birgalikda ishlashni kutmoqda. Demak, amaldorlar o‘zlarining tor manfaatidan voz kechishi, JAR iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishi yo‘lida jipslashishi kerak.

Ramafosa ta’kidlashicha, endi hech bir partiya mamlakatni mustaqil ravishda boshqara olmaydi.

– Milliy birlik hukumatini yaratish muhim bosqich, mamlakat taraqqiyotidagi yangi bob. Bu hukumatga qo‘shilgan tomonlar davlatimiz manfaati uchun birlashdilar. Endi milliy muloqot chaqiriladi, so‘ngra Janubiy Afrikani yanada rivojlantirish rejasi ishlab chiqiladi.

Amaldagi konstitutsiyaga muvofiq, joriy imkoniyat Ramafosa uchun davlat boshlig‘i sifatidagi oxirgi muddat hisoblanadi.

M.Pirmatova, O‘zA