“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha ikkinchi global forumida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari bilan bir qatorda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus rahbarlari ham ishtirok etdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Ram Aer O‘zbekiston mana shunday global forumlar o‘tkazish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqani va ularni muvaffaqiyatli o‘tkazayotganini e’tirof etdi.
– Bundan ikki yil oldin Buxoroda o‘tkazilgan ilk forumda muhim tashabbuslar ilgari surilishi bilan bir qatorda o‘tgan davrda ularni hayotga tatbiq etish, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirildi, – dedi R.Aer. – Muhimi, parlamentlar BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda faollik ko‘rsatayotir. Bugungi ikkinchi global forum ishtirokchilari o‘z faoliyatlari davomida amalga oshirayotgan ishlari haqida ma’lumotlar berish bilan birga o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldi. Ta’lim tizimi samaradorligini oshirish, ayniqsa, inklyuziv ta’limga e’tibor, kambag‘allikka barham berish bo‘yicha muhim fikr-mulohazalar bildirildi. Bularni amalga oshirish odamlar manfaatiga xizmat qiladi. Mana shunday xayrli maqsadlarni biz ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Ta’lim rivojida nanotexnologiyalardan kengroq foydalanish maqsadga muvofiq.
N.Abduraimova, O‘zA