Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida atoqli bastakor, xalqimizning sevimli hofizi va sozandasi, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zFA akademigi, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi Yunus Rajabiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida yozilgan «Rajabiynoma» nomli (sulola qissasi) kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi a’zolari, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, Toshkent viloyati namunali maqom ansambili hamda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti xodimlari va talaba- yoshlar ishtirokidagi tadbirda Yunus Rajabiyning o‘zbek musiqa san’atiga qo‘shgan hissasi haqida gap bordi.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov Rajabiylar sulolasi haqida gapirib, ularning o‘zbek mumtoz musiqa san’atiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi.

– So‘nggi yillarda muqaddas zaminimiz bag‘rida yashab ijod etgan ulug‘ allomalar, ijodkorlarimizning ilmiy, ma’naviy-madaniy va san’at namoyondalari merosini o‘rganish hamda tatbiq etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda,– deydi kitob muallifi Hasan Rajabiy.– Ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosning qadri va qimmati ortib borayotgani, uning ahamiyati munosib e’tirof etilayotganini e’tirof etish mumkin. Men ham ko‘p yillardan buyon sulolamiz haqidagi ushbu kitobni yozishni o‘z oldimga maqsad qilib yurgan edim. Mana niyatim xolis ekan, yozganlarim va to‘plaganlarimni kitob holida chop etish imkoniga ega bo‘ldim.
«Rajabiynoma» kitobi "Art press" nashriyotidan chop etildi.
Kecha so‘nggida atoqli bastakor, xalqimizning sevimli hofizi va sozandasi, o‘zbek xalq musiqa merosi xazinaboni hamda maqom san’atining allomasi, O‘zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiy xotirasiga bag‘ishlangan video va slaydlar namoyish etildi.
D. Mamatova, O‘zA