“O‘zbekistonda ilk bor neyroplastika usulida davolash” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida “Raj katetеri” haqida ma’lumotlar berildi. Bu uskuna yangi texnologiyalarga asoslangan moslama bo‘lib, jarrohlik amaliyotisiz ming-minglab odamlarni og‘riqlardan xalos etish imkonini beradi.
Tahlil qilinsa, O‘zbekiston hududida har o‘ndan ikki kishida bel og‘rig‘i uchrab turadi. “Raj katetеri” insonlarni bu og‘riqlardan himoya qiladi. Yigirma daqiqa davom etadigan muolajadan so‘ng butunlay og‘riqlar yo‘qoladi. Hech qanday operatsiyalarsiz bo‘lib o‘tadigan bu muolajalar kelgusida aholini qiynab kelayotgan bel og‘rig‘i kasalliklaridan butkul qutqarishi ehtimoli yuqori.
– Biz bu moslama bilan 5 kishini davoladik, –deydi “Raj kateteri” asoschisi, koreyalik Lee Su Chan. –Bugun ular og‘riqlarsiz harakatlanishmoqda. Hech qanday jarrohlik amaliyotlarisiz sog‘lom bo‘lishni xohlagan insonlar bu moslamadan foydalanishi mumkin, deb o‘ylayman.
[gallery-17272]
Anjuman davomida bemorlarning sog‘ligi tiklanganligi aks etgan videoroliklar ham namoyish etildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan “Raj kateteri” haqida berilgan savollarga koreyalik olim Lee Su Chan batafsil javob berdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bir kun oldin “Raj kateteri” orqali amalga oshirilgan muolajalardan so‘ng sog‘lom hayotga qaytgan bemorlar bilan suhbatlashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari