Transport vaziri o‘rinbosari Rahmonbek Usmonov Buxoro viloyatida avtomobil transportida yo‘lovchi va yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbarlari bilan uchrashdi.
Tadbirda sohada kutilayotgan o‘zgarishlar, yangiliklar, taqdim etilayotgan imtiyozlar xususida so‘z bordi. 2020 yil 30 noyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida “Hududlarda jamoat transportini rivojlantirish” masalasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Videoselektorda ko‘tarilgan muammolar va viloyatda jamoat transportini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
– Jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash oldimizda turgan asosiy vazifa hisoblanadi, – deydi vazir o‘rinbosari R.Usmonov. – Ushbu ko‘rsatilayotgan xizmatlardan xalq rozi bo‘lishi lozim. Bu borada avtotransport korxonalari rahbarlarining mas’uliyati juda ham katta. Mas’uliyat bilan yondashgan holda vazifalarimizni sitqidildan bajarishimiz kerak.
Muloqot davomida vazir o‘rinbosari korxonalar oldidagi muammolar bilan ham qiziqdi.

Buxoro shahrida faoliyat olib borayotgan “Alibek trans invest” MCHJ ta’sischisi I.Barnoyev avtobus sotib olish uchun kredit olganligini, karantin davrida jamoat transporti harakati to‘xtatib qo‘yilgan davrda kreditning foiz to‘lovlari ushbu davrda hisoblanganligidan noroziligini bildirdi. Mazkur masalani hal etishda amaliy yordam so‘radi. Bir qator korxonalar rahbarlari ularda ham ushbu muammo mavjudligini bildirishdi.
Yig‘ilishda mazkur masala Markaziy bank bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi bildirildi. Masalaga amaliy yechim topib, natijasi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirildi.
R.Usmonov tadbirkorlar oldidagi muammolarni o‘rganib, ularga yechim topish maqsadida har haftada boshqarma mutasaddilari bilan onlayn muloqot o‘tkazib borilishini ta’kidladi. Yig‘ilish davomida avtomobil transportida yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar oldidagi dolzarb muammolar tinglandi. Ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.
Zarif Komilov, O‘zA