Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rahmatulla JABBAROV:Millatim qirg‘iz bo‘lsa-da, nimaga erishgan bo‘lsam, bari shu yurt tufayli!
14:20 / 2023-01-26

Avval xabar berganimizdek Prezidentimiz 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘iziston Respublikasida bo‘ladi. Oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida ikki xalqning manfaatiga xizmat qiladigan muhim hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Tashrif oldidan O‘zA muxbir O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi RahmatullaJabbarov bilan suhbatlashdi.

- Tarixga nazar tashlasak, bir daryodan suv ichgan, bozori, to‘yi bir xalqlarimiz ming yillardan beri yelkadosh yashab kelganiga guvoh bo‘lamiz.

Sir emas, o‘tgan yigirma besh yil mobaynida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Qirg‘iziston bilan aloqa, deyarli, uzilib qolgan, chegaralar yopilib, bordi-keldi to‘xtab qolgan edi. Bir-birining to‘yi-ku mayli, hatto, azasida ham ishtirok eta olmay qolgan yaqin qarindoshlar uchun qayg‘uli kunlar, shukurki, ortda qoldi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘izston bilan aloqalar tiklandi. Jumladan, O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegaralari to‘liq ochilib, ikki xalq bir-biri bilan emin-erkin bordi-keldini davom ettirmoqda. Prezidentimiz juda ko‘p bor “Biz yaqin qo‘shni davlatlar bilan faqat do‘st bo‘lib yashaymiz, boshqa niyatimiz yo‘q”, deya ta’kidlaydi.

Mamlakatimizda 130 dan ziyod millat, elat vakillari yashaydi. Bu O‘zbekistonning eng katta boyligi. Bizning birinchi maqsadimiz yurtimiz tinchligi, osoyishtaligini, davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlikni, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlashdan iborat. Shu bois har bir milliy madaniy markaz uchun alohida, qulay sharoit yaratilgan. Poytaxtimizning eng yirik istirohat bog‘laridan biriga “Do‘stlik” nomi berildi. Shu bog‘ yonidagi muhtasham bino Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi ixtiyoriga o‘tkazildi.

Jonajon yurtimizda 300 mingdan ziyod qirg‘iz millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Respublika qirg‘iz milliy madaniy markazi olti viloyatdagi bo‘limlarimiz faoliyatini ham muvofiqlashtiradi. Bu maskanlarda qirg‘iz madaniyati, an’analari, urf-odati va tilini rivojlantirish maqsadida xalq og‘zaki ijodiyoti, milliy va jahon madaniyati gavhari bo‘lmish “Manas” dostoniga alohida e’tibor qaratiladi.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/ZxP-tUz-atk" title="Rahmatulla JABBAROV: Millatim qirg‘iz bo‘lsa-da, nimaga erishgan bo‘lsam, bari shu yurt tufayli!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘zbekistonda qirg‘iz millati, qirg‘iz xalqiga ko‘rasatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni har lahzada his etish mumkin. Masalan, 2018 yil Prezidentimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq dasturi” doirasida  birinchilardan bo‘lib, Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi  aholisining 90 foizi qirg‘izlar bo‘lgan eski “Manas” qishlog‘i  45 kun ichida qayta qurilib, ta’mirlanib, yangi shahar qiyofasini oldi. “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov” tavalludning 90 yilligi diyorimizda keng nishonlandi. Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga Ch.Aytmatov nomi berildi va buyuk yozuvchimiz xotirasiga bag‘ishlab, yodgorlik o‘rnatildi.

Qolaversa, respublikamizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan qirg‘iz milatiga mansub ko‘plab faollarimiz jamiyatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni kuchaytirishdagi  xizmati uchun davlatimizning yuksak e’tirofiga, mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Ular orasida borligim menga yuksak g‘urur bag‘ishlaydi. Kamtarona mehnatim “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga loyiq ko‘rilganidan boshim ko‘kda. Millatim qirg‘iz bo‘lsa-da, shu zaminda tug‘ilganman. Hayotim davomida nimaga erishgan bo‘lsam, shu yurt, shu xalq tufaylidir.

Bizni behad quvontirgan yana bir hodisa shuki, 2019 yil 11 martda Qirg‘iziston va O‘zbekiston Prezidentlarining “Ko‘ksaroy” qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ilk bor milliy madaniy markazimiz faollari ishtirok etib, o‘z fikr, mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Shu davrgacha davlat rahbarlari tashriflari tafsilotidan faqat gazeta, jurnal, televideniye orqali boxabar bo‘lardik. Endi ikki xalq vakillari o‘rtasida muntazam ravishda samimiy muloqotlar o‘tkazish an’anaga aylandi.

Davlatimiz rahbarining Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti SadirJaparov taklifiga binoan davlat tashrifi bilan qardosh yurtga borishi har ikki tomon uchun juda samarali, manfaatli bo‘lishiga ishonaman.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, Sadir Japarov mamlakatimizga kelganda Prezidentimiz tomonidan qirg‘iz xalqiga ko‘plab tez yordam mashinalari topshirilgan edi. O‘sh shahrida yurtdoshlarimiz tomonidan 300 o‘rinli o‘zbek tili maktabi qurildi. Ushbu ta’lim dargohini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Barcha zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan bu maskanda besh tilda dars olib boriladi. Qirg‘iz xalqi bunday xayrli amallardan juda mamnun, xalqimizdan, davlatimiz rahbaridan minnatdor.

“Do‘st, do‘st”, degan bilan ish bitmaydi, hammasi amalda bo‘lishi kerak. Prezidentimiz ham “Biz qardosh va qondosh yaqin qo‘shnilarimiz bilan nafaqat ahil yashaymiz, balki buni amalda ham isbotlaymiz” degan.

So‘zim yakunida shuni aytmoqchimanki, navbatdagi oliy darajadagi tashrif ham ezgu amallarning davomi bo‘ladi. Iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm sohalaridagi hamkorlikni yuksaltirishga xizmat qiladigan yana ko‘plab hujjatlar imzolanadi. Ellarimiz o‘rtasidagi aloqa, do‘st-birodarlik, qarindosh-urug‘lik rishtalari yanada mustahkamlanadi. Zero, qirg‘iz va o‘zbek xalqining asosiy niyati, maqsadi ham shu.

Go‘zal Sattorova,

Doniyor Yoqubov (video),

O‘zA