French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rahmat Mamatov: Yomon odam yo‘q, xarakteri og‘ir kishilar bor
19:50 / 2022-06-03

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasida ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil, professional tuzilmaga aylantirish hamda aholi bilan maqsadli ishlashga yo‘naltirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjuman press-relizida qayd etilishicha, joriy yilning to‘rt oyi davomida viloyat hududida 2242 ta, jinoyat qidiruv sohasida esa 1358 ta jinoyat sodir etilgan. Jumladan, 231 ta giyohvandlik, 7 ta odam savdosi, 11 ta qimor o‘yinlarini tashkil etish, 16 ta noqonuniy qurol saqlash, 57 ta fohishaxona saqlash, 62 ta pora oldi-berdi jinoyatlari aniqlangan. Umumiy jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘paygan bo‘lsa-da o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari(70/51), transport vositasini olib qochish (5/4) jinoyatlari kamaygan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida umumiy jinoyatlarning 95,9 foizi (2150 tasi) fosh etilib, qidiruvdagi shaxslarning 116 nafari ushlangan.

– Statistik raqamlarni beramiz, lekin sizlar bilan ochiq muloqot qilish uchun ichki ishlar idoralari hamda ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun bugungi tadbirni tashkil etdik, – dedi Samarqand viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov anjuman avvalida. – Chunki, ichki ishlar idoralarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil, professional tuzilmaga aylantirishda jamoatchilik bilan jurnalist va blogerlar bilan yaqindan ishlashimiz lozim.

Viloyat IIB boshlig‘i statistik raqamlarga to‘xtalib o‘tirmadi va matbuot anjumani savol-javob tarzida davom etdi. OAV vakillarini keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan ichki ishlar xodimlari va ularning xatti-harakatlari bilan bog‘liq holatlar, profilaktika inspektorlarining faoliyati, viloyat va Samarqand shahar ko‘chalarida yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar, situatsion markazdagi yangiliklar va boshqa masalalar qiziqtirdi. Shu va boshqa masalalar yuzasidan boshqarma boshlig‘i hamda sohaviy xizmatlar mutasaddilari batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, boshqarma boshlig‘ining ma’lum qilishicha, yaqinda Samarqand shahrida qozog‘istonlik sayyohlar bilan yuz bergan holat yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra ikki nafar xodim ichki ishlar tizimidan ishdan bo‘shatilgan va ularga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, bu xodimlarning ikki nafar rahbari ham vazifadan ozod etilgan.

Bundan tashqari, yil boshidan buyon xizmat vazifasini yetarli darajada bajarmagan, fuqarolar bilan ishlamagan 11 nafar profilaktika inspektori ichki ishlar tizimidan ishdan bo‘shatilgan. 10 nafardan ortig‘iga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha yana bir mas’ul xodim aholi murojaatiga e’tiborsiz bo‘lgani uchun kecha vazifasidan ozod etilgan.

– Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama etilayotgan yoki xalqning e’tiroziga sabab bo‘layotgan har bir holatni albatta, muhokama qilib, zarur choralar ko‘ramiz, – dedi R.Mamatov. – Bunday vaziyatlarga ichki ishlar xodimlari ham, fuqarolar ham sababchi bo‘lib qolishadi. Ammo forma kiygan, xalqning xizmatiga kirgan xodim har qanday holatda ham avvalo muomala madaniyatiga rioya qilishi, o‘zini aholining himoyachisi ekanligini his qilishi kerak. Jamiyatda yomon odam yo‘q, faqat og‘ir xarakterli kishilar bo‘lishi mumkin. Jinoyatchi yoki huquqbuzarni avvalo shaxs sifatida hurmat qilish kerak. Qilgan xatti-harakati, jinoyat yoki huquqbuzarligiga esa qonun doirasida javob beradi.

Matbuot anjumanida viloyat ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlardan iborat jamoatchilik kengashi tuzish taklifi bildirildi va qo‘llab-quvvatlandi.

G‘.HASANOV, O‘zA