Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Gumatak qishlog‘ida yashovchi Ramazon Abdullayevning muqaddas Haj safariga jamg‘argan mablag‘i evaziga tog‘li hududdagi soy ustida ko‘prik barpo etgani haqida avvalroq xabar bergan edik.
Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Yunus Xoliyorovning O‘zAga ma’lum qilishicha, xushmanzara Omonxona qishlog‘ida yashaydigan saxovatpesha inson – Rahmat Eshboyev bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Haj ziyorati uchun to‘plagan mablag‘ini qishloqni ikkiga ajratib turgan chuqur soy ustiga ko‘prik qurilishi uchun sarfladi. Faqat ko‘prikni bunyod etish uchun zarur bo‘lgan mustahkam temir-beton materialiga tuman hokimligi homiylik qildi. Qolgan ishlar Rahmat Eshboyev jamg‘armasidan amalga oshirildi. Endilikda qishloqning Kamari aziz ko‘chasidagi 20 ga yaqin xonadonda istiqomat qilayotgan yoshu keksa yog‘in-sochinli kunlarda ham bexavotir va bemalol Omonxona markaziga kelib ketishi va transport qatnovi uchun qulay sharoit yaratildi.

–Ko‘prikning tantanali ochilish marosimi bayramona ruhda o‘tdi, – deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Yu.Xoliyorov. – Tadbirda ishtirok etgan qishloq faollari, nuroniylar va yoshlar odamlar mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qiladigan savobli ishga qo‘l urgan otaxonga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Uzoq yillardan buyon soydan qishloq markaziga o‘tishda ko‘proq aziyat chekib kelayotgan keksalar, xotin-qizlar va bolalar qalbi bir olam quvonchga to‘ldi. Omonxona o‘zining mo‘’jizakor shifobaxsh buloq suvi bilan dunyoga tanilgan tog‘lar qo‘ynidagi qishloq. Muqaddas bu zamin buyuk sarkarda Amir Temur va Hazrati Sulton Valiy Balogardon uchrashgan makon sifatida ham mashhur.

–O‘tmishdan yo‘l va ko‘prik qurib, odamlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish eng savobli amallardan biri sanalgan, – deydi mehnat faxriysi Norboy Boboqulov. – Bunday ezgu ishni bekami-ko‘st bajargan hamqishlog‘imiz Rahmat Eshboyev va uning oila a’zolariga xalqimiz nomidan tashakkur bildiramiz.


Tantanali tadbir yakunida ishtirokchilar Vatanimizga tinchlik, yurtimizga obodlik, qurilish tashabbuskoriga uzoq umr va yangi barpo etilgan ko‘prikning xalq manfaati yo‘lida xizmat qilishiga tilak bildirib, duoga qo‘l ochdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri