Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rahimjon otaning matonati – ibrat namunasi
15:08 / 2021-04-30

Ikkinchi jahon urushi. Dunyo tarixida chuqur va sovuq iz qoldirgan bu jang millionlab odamlarning boshiga kulfat yog‘dirdi.

Qanchadan-qancha navqiron yigitlarning umriga zomin bo‘ldi, minglab bolalarning yetim bo‘lib qolishiga, mushtipar onalarning farzand dog‘ida kuyishiga sabab bo‘ldi.

Bu qonli janggohlar sari ikki millionga yaqin yurtdoshimiz mardonavor yo‘l oldi. Ular o‘lim xavf solib turgan vaziyatda jasorat va matonat bilan dushmanga tik borib, shonli g‘alabaga munosib hissa qo‘shdilar. Ammo urushda qatnashganlarning hammasiga ham ona yurtiga, ota-onasi bag‘riga qaytish nasib qilmadi – ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi, qancha odam bedarak ketgan, qancha-qancha insonlar mayib-majruh bo‘lib qaytgan. Bu raqamlar xalqimizning fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qanday ulkan hissa qo‘shganini ko‘rsatadi.

Yurtimizda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va mehnat faxriylarini asrab-avaylashga, qadrlash va e’zozlashga alohida e’tibor qaratiladi. Yillar o‘tgani sari safimizda umrguzaronlik qilayotgan urush qahramonlari soni, ming afsuski, kamayib bormoqda. Ular bilan yaqindan suhbat qurib, urush maydonlaridagi xotiralari bilan o‘rtoqlashar ekansiz, urush naqadar dahshatli bo‘lganini his qilasiz. Janggoh manzaralarini ko‘z o‘ngingizga keltirib, bugungi osoyishta, tinch-farovon hayotimizning qadrini yanada teranroq anglaysiz.

16 yoshida urushga ketib, ulkan g‘alabaga hissa qo‘shib, uyiga salomat qaytgan Rahim ota Ilyosov bu yil 96 yoshni qarshi oldi. Hozir farzandu nabiralari, evaralari ardog‘ida, davlat e’tiborida umrguzaronlik qilayotgan otaxon beshafqat urush xotiralarini alam bilan eslaydi.

– Ko‘chamizda bolalar bilan koptok tepib yurardik. Jahon urushi boshlanib, ketma-ket chaqiruv xatlari kela boshladi. Ko‘chamizdan 10 nafar yigit urushga ketdik. Bizning oilamizdan men va 19 yoshga kirgan G‘iyosjon akam urushda ishtirok etish uchun jo‘nadik. Onam bechora qon yig‘lab, bizga yo‘lda yeyish uchun talqon qilib bergan edi. Moskvaga bordik, o‘qchi polkida jangga kirishdim. Moskva, Stalingrad shaharlari mudofaasi janggohlarida fashizmga qarshi kurashda matonat bilan ishtirok etdim. Jang maydonlarida ne kunlarni boshdan kechirmadik. Ko‘chamizdan ketganlar orasida ikki kishi omon qaytdik. Boshqalarga yurtga qaytish nasib qilmadi. Bu kunlarni biz ko‘rdik, boshqa hech kim ko‘rmasin.

Darhaqiqat, bir oiladan ikki navqiron o‘g‘ilning urush maydonlariga ketishi onaizor uchun naqadar og‘ir. 8 farzandni yolg‘iz tarbiya qilayotgan mushtipar ona ikki pahlavon o‘g‘lini urushga jo‘natib, ro‘zg‘or tashvishi boshida qoldi. Bir yildan so‘ng katta o‘g‘li G‘iyosjondan qora xat keldi. Onaxonning yuragi parcha-parcha bo‘lib, faryod ko‘tardi. Ammo qalbi tubida birgina ilinji, yolg‘iz umidi bor edi. Kichkina o‘g‘li Rahimjonning eson-omon qaytishini intizorlik bilan kutar, kechalari uxlamasdan duo qilardi. Duolari ijobat bo‘lib, Rahimjon qonli janggohlardan omon qaytdi.

Bugun Toshkent viloyati Nurafshon shahrida istiqomat qilayotgan otaxon urushdan qaytgandan keyingi hayotini xotirlar ekan, kolxozda tabelchi bo‘lib ishlagani, bir muddat sotuvchilik ham qilgani, keyin uylanib, shofyorlikka o‘qiganini aytadi. Uzoq yillar yuk tashish mashinasida turli hududlarga yuk tashigan. Umr yo‘ldoshi rahmatli Ma’sudaxon aya bilan bir o‘g‘il va uch qizni el xizmatiga kamarbasta insonlar etib tarbiyaladi. Bugun el-yurt e’tibori va g‘amxo‘rligidan mamnun bo‘lib, farzandlari, nabiralari, evaralari qurshovida umrguzaronlik qilmoqda.

Otaxonning hovlisidagi tomorqada bir qarich bo‘sh yerning o‘zi yo‘q. 100 yoshga qarab ketayotgan otaning yuragida g‘ujuri, mehnat ishtiyoqi yonib turibdi. Rahimjon ota turli mevali daraxtlar, yangi nihollar parvarishida, poliz ekinlarini ekishda farzandlari va nabiralariga bosh-qosh. Yerdan unumli foydalanishni, bugungi tinch va osuda hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka shukrona aytib yashashni o‘rgatishdan, tinmay takrorlashdan charchamaydi.

Rahimjon ota singari bobolarimizning mardligi, qahramonligi, jasoratiyu matonati, metin irodasi, shukrona bilan yashashi yosh avlod uchun katta ibrat maktabidir. Ota ziyoratidan ana shunday o‘ylar bilan qaytdik...

 Muhtarama Komilova, O‘zA