Munosabat
Bugungi rahbar o‘z jamoasidagi barcha xodimning ahvoli, ijtimoiy-siyosiy kayfiyati, dunyoqarashi, orzu-intilishlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Bularning pirovard natija, ya’ni mamlakatda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar samaradorligini ta’minlaydi.
Taniqli siyosatshunos olim Sh.Paxrutdinov o‘zining “Yangi O‘zbekiston” gazetasining joriy yil 22 fevraldagi sonida e’lon qilingan “Yangi O‘zbekistonda demokratik jamiyat va rahbar mas’uliyati” maqolasida zamonaviy rahbar kadrlar faoliyati samaradorligi bevosita jamiyatning barqaror taraqqiyoti va xavfsizligi bilan bog‘liq degan muhim fikrni bildirgan. Olim fikricha, rahbar yakka holda g‘alabaga erishishi qiyin. Bu boshqaruv qonuniyati.
Uning asosida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil mavjud. Ayni paytda, bugungi tub o‘zgarishlar sharoitida rahbarlik mas’uliyati yanada og‘ir ekani ma’lum. Bu borada siyosatshunos olim Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot bosqichida rahbar kadrlarni tanlash, tayyorlash va tayinlash bo‘yicha samarali mexanizm ishlab chiqishga zarurat borligini ta’kidlaydi.
Aytish joizki, bu yo‘nalishda davlatimiz rahbari tomonidan qator mezon va mo‘ljallar belgilab berilgan. Jumladan, tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak, degan fikri bugungi va kelgusi davr uchun o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 14 iyul kuni Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida “Xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi, yanada ulkan natijalar bilan mustahkamlash — bosh vazifamiz”, deya ta’kidladi.
Darhaqiqat, bugungi globallashuv va oldindan aytish mushkul bo‘lgan jarayonlarda har tomonlama yetuk, o‘z ortidan jamoani ergashtira oladigan rahbar kadrlarni tayyorlash masalasi har doimgidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, hozir O‘zbekiston strategik muhim demografik chorrahada turibdi. Bu mamlakatda “demografik dividend” deya baholanib, mehnatga layoqatli aholi sonining boshqa toifalardagi aholi soniga nisbatan ulushi o‘sib borayotganini anglatadi.
Tahlillarga ko‘ra, “demografik dividend”ga ega bo‘lgan jamiyatda “inson kapitali” salohiyatini rivojlantirish o‘z navbatida aholini samarali boshqarishni talab etadi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, yetakchi davlatlar taraqqiyotining asosini aynan “inson kapitali”ni rivojlantirishga jalb qilingan investitsiyalar tashkil etadi. Bu esa shakllangan, ya’ni turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan va institutsionallashgan yoshlar tashkilotlarini taqozo etadi.
Tan olib aytish kerakki, davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy yondashuvlarni qo‘llamasdan turib mamlakat taraqqiyotiga erishishi qiyin. Zero, “raqamlashtirish” jarayonida davlat idoralari ilg‘or qarashlar, yangicha g‘oyalar, faoliyatdagi yuqori samaradorlikka erisha oladigan yosh tashabbuskor shaxslarga ehtiyoj ortadi.
Davlatimiz rahbarining «Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz» degan da’vatlari ham bejizga emas. Aynan ushbu jarayonda yoshlar mamlakatning muhim strategik resursi, ta’bir joiz bo‘lsa, bugungi shiddatli davrning “lokomotivi” sifatida yuzaga chiqishi talab etiladi. Zotan, bugungi yoshlar zamonaviy bilimlarga ega, turli o‘zgarishlarga tez moslasha oladigan, yuqori intellektual salohiyatga ega va eng asosiysi, o‘z bilimlarini amalda qo‘llay oladigan ijtimoiy guruh sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bugungi kunda barcha sohalarda bilimli, siyosiy va ijtimoiy faol, xalq manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yadigan, halol va jonkuyar yosh rahbarlarga ehtiyoj tobora ortib borayotganini ta’kidlagan edi.
Ta’kidlash kerakki, bu borada davlat idoralarida ustoz-shogird an’anasini joriy etish, yosh mutaxassislarning kasbiy moslashuvi va yangi bilimlarni o‘rganishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, hujjatlarni rasmiylashtirishni minimallashtirish zarur. Shu bilan birga, ijtimoiy lift mexanizmlarining shaffof ishlashini ta’minlash ham dolzarb ahamiyatga ega.
Bu borada yoshlarni munosib ish bilan ta’minlashga oid ayrim zamonaviy tendensiyalarni ko‘rsatish mumkin.
Birinchidan, yoshlar kasb tanlashda ko‘proq o‘zlari qiziqqan sohani afzal ko‘rishadi, shu bilan birga, ular uchun martaba o‘sishi va moliyaviy mustaqillikka erishish muhim hisoblanadi.
Ikkinchidan, yoshlar muayyan kasb faoliyatida boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda qatnashishni, bu orqali mamlakat va butun jamiyat rivojiga hissa qo‘shishga intiladi.
Uchinchidan, zamonaviy yoshlarda individuallik xususiyati ko‘proq namoyon bo‘lmoqda, bu o‘z navbatida jamoaviy moslashuvchanlik, jamoa bilan hamjihatlikda ishlash bilan bog‘liq ko‘nikmalarni kuchaytirishni taqozo etadi.
Mutaxassislar fikricha, bu borada yosh kadrlar bilan ishlash formatini o‘zgartirish, zamonaviy menejment yondashuvlarini qo‘llash, jumladan, xodimning ijodiy va intellektual salohiyatini to‘laqonli ochishga qaratilgan vazifalarni berish usullarini qo‘llash, qulay mehnat sharoitlarini tashkil etish va albatta munosib moddiy rag‘batlantirish tizimini joriy qilish bilan bog‘liq vazifalar ustuvor hisoblanadi.
Ayni paytda tajribali rahbar tomonidan yosh kadrlar uchun ustoz-shogird (mentorlik) institutini amalda qo‘llashni kuchaytirish, bitiruvchilarning kasbiy muhit va jarayonga moslashuvi hamda yosh mutaxassislarning martaba o‘sishi va rag‘batlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish zarur.
Shuningdek, yosh mutaxassislarni ishga qabul qilishda turli byurokratik to‘siqlarni soddalashtirish, masalan, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va suhbatlarni tashkil qilish bilan bog‘liq jarayonlarni minimallashtirish hamda barcha bosqichlarda shaffoflikni ta’minlash samarali usullardan hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu chora-tadbirlar yoshlarni kasbga yo‘naltirish va davlat xizmati jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, amalga oshirilgan qator islohotlarga qaramasdan bugungi kunda mamlakatimizda rahbar kadrlarni tanlash va
ularni “o‘z joyiga” qo‘yish masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Bu borada yuqoridagilarga qo‘shimcha tarzda bizningcha, yosh va progressiv mutaxassislarni tanlash, rahbar lavozimlariga tavsiya qilish metodologiyasini yanada takomillashtirish davr talabidir.
Nasiba Turg‘unova,
IIV Akademiyasi Xizmat psixologiyasi
va kasbiy madaniyati kafedrasi dotsenti,
ciyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)