Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rahbarlari faoliyatini baholashning mutlaqo yangi tizimi
09:46 / 2020-02-28

Davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.


Davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunida Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyatini baholash va ular tomonidan maqsadli vazifalarga erishishning asosiy mezonlarini hisobga olgan holda maqsadli vazifalarga erishishni ta’minlashi belgilab qo‘yilgan. Samaradorlikni oshirish maqsadida shuningdek alohida davlat boshqaruvi organlari samaradorligining ustuvor yo‘nalishlari va muhim ko‘rsatkichlari belgilab qo‘yilgan. Suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi shular jumlasidan. 


“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi vazirliklarda fuqarolar so‘rov va murojaatnomalarini ko‘rib chiqish mexanizmlarini kuzatish uchun muhim turtki bo‘ldi.

Fuqarolar va davlatning mansabdor shaxslari o‘rtasidagi huquq va qonuniy manfaatlar buzilishi bilan bog‘liq nizolar yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq yangi tashkil etilgan ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, mazkur mexanizm davlat boshqaruvi organlari faoliyatini oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq Xalq qabulxonalarining sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi, Xalq qabulxonalari faoliyatini baholash tartibi va uni baholash mezonlari, “namunali”, “yaxshi”, “qoniqarli” toifalar bo‘yicha mahalla hududlari holatini tasniflash mezonlari tasdiqlandi.

E’tiborlisi shundaki, 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida Prezidentimiz ijro organlari rahbarlari faoliyatini baholash bundan buyon Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilish asosida amalga oshirilishini ta’kidladi.

Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mahallalarda to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni samarali hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organi – Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etishga doir tashabbusining dolzarbligini ham qayd etish zarur. Mazkur tashabbusni amalga oshirish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini sezilarli ravishda oshirish, davlatning xalq bilan muloqotini sifat jihatdan yangi bosqichga oshirish va joylardagi muammolarni ta’sirchan hal etish imkonini beradi.

Shuningdek, ijro bo‘g‘ini faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 dekabrdagi “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab: mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 11 ta funksiya va vakolatini tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga o‘tkazish; davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan 32 turdagi hujjatlar talab etilishi, shuningdek, ularning fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilishi ta’qiqlandi; 29 ta idoralararo hay’at organlari tugatildi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida hokimliklarda qariyb 300 ta vazifa va funksiya mavjudligi, ularning 175 tasi ularga xos emasligi va boshqa idoralar funksiyalarini takrorlashi, bu esa ularning faoliyati yetarli darajada samarali emasligi va ortiqcha qog‘ozbozliklar mavjudligidan dalolat berishini ta’kidladi. Mazkur holat ijro hokimiyati organlari faoliyatini oshirish bo‘yicha qilinadigan ishlar talayligini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va aholini qiynayotgan muammolarni aniqlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish qisqa muddatda fuqarolarning davlat organlariga ishonchini oshirish, xususan, xalq bilan davlat ahamiyatiga molik masalalarni bevosita muhokama qilish, yurtdoshlarimizning har bir dolzarb mavzuga doir fikr va mulohazalarini
o‘rganish imkonini berdi. Mazkur jarayonning ahamiyatli jihati shundaki, xalqimiz o‘z vakillari, ya’ni deputatlar orqali mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini nafaqat kuzatib, balki nazorat qilib bormoqda. Ijro hokimiyati organlarining vakillik organlari oldidagi mas’uliyati va hisobdorligini oshirish hokimiyatning ijro bo‘g‘ini demokratiya darajasini aniqlab beruvchi O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarning muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda Qonunchilik palatasida amal qilayotgan yangi mexanizm, ya’ni Bosh vazir va hukumat a’zolari tomonidan Oliy Majlisga muhim parlament qarorlari va qonunlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish bilan bir qatorda davlat dasturi ijrosi haqida chorak hisobot taqdim etish amaliyoti takomillashtirilmoqda. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” instituti kiritilib, uning davomida Hukumat a’zolari deputatlar savollariga javob beradi, 2019 yildan esa quyi palata tomonidan Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish amaliyoti amal qilmoqda.

Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlatimiz rahbari parlament va Xalq deputatlari kengashlarida davlat organlari rahbarlari va hokimlarning fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalari qay darajada hal etilayotgani to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam eshitish tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga, joylardagi vakillik organlari faoliyatiga kengash so‘rovini joriy etish va hokimlar o‘ziga taqdim etilgan vakolatlardan qanchalik samarali foydalanayotganini aniqlash imkonini beruvchi yangi nazorat tizimini yaratish taklif etildi. Endilikda mahalliy byudjetlar qo‘shimcha daromadlarini taqsimlash, nafaqalarni adolatli belgilash, ijro organlari rahbarlari faoliyatini baholash Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilish asnosida amalga oshiriladi.

Mazkur tashabbuslar hokimning deputatlar timsolidagi vakillari orqali xalq bilan uzluksiz muloqotini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Zero, xalqni jamiyat hayotidagi yangiliklardan xabardor qilish va xalq tomonidan saylangan deputatlar orqali hukumat faoliyatini baholash amaliyoti mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi real voqelikka aylanib bormoqda.

Akbar Tashqulov, 
Adliya vazirining o‘rinbosari