Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizdagi barcha idora va muassasalarda har oyning bir kuni "Teatr kuni" etib belgilangan.
Mazkur an’ana doirasida Xorazm viloyatidagi viloyat, tuman va shahar hokimliklari mas’ullari, korxona - tashkilot rahbarlari, ularning oila a’zolari uchun spektakl’ namoyishlari tashkil etilmoqda.
Urganch shahri markazidagi viloyat drama teatrining bu galgi tomoshabinlari " Lazgining tug‘ilishi” deya nomlangan spektaklni tomosha qilib, madaniy hordiq chiqarishdi.
Xorazmning boy madaniy merosi va milliy qadriyatlarini yuksak darajada targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda viloyat birinchi rahbaridan tortib, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutasaddi, rahbar, xodimlar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
"Lazgining tug‘ilishi" spektakli teatr jamoasi tomonidan yuksak mahorat bilan sahnalashtirilgan bo‘lib, “Lazgi” raqsining tarixiy ildizlari, uning shakllanish jarayoni va xalqimiz hayotidagi tutgan o‘rni badiiy tarzda ochib berildi.
[gallery-26632]
Spektakl davomida tomoshabinlar milliy raqsimizning qadimiy tarixi, uning vositasida avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan milliy ruh, sahnalashtirilgan obrazlar, kuy va raqslar uyg‘unligiga guvoh bo‘lishdi.
—Teatrning ma’naviyat maskani deb aytilishida ham juda katta ma’no bor, — deydi “O‘zbek-Turkman do‘stlik uyi” rahbari Davlatnazar Rajabov. – “Lazgi” raqsining qanday yaratilganligini shunday mahorat bilan ijro etishdiki, o‘sha zamonga tushib qolganday his qildim o‘zimni. Bundan tashqari, ijrolarda opera, folklor yo‘nalishlari, “Masxaraboz yo‘li”, qayroq va surnay usullari, boringki, san’atning turli janrlari qamrab olindi. Tomosha jarayonida xorazmliklar orasida mashhur bo‘lgan “Soz ila suhbatni yolg‘on demanglar. Chunki, Odam paydo bo‘lg‘andan bordur” degan misralar beixtiyor qalbimdan o‘tdi. Nafaqat men, balki boshqa muxlislar ham spektaklni hayrat va o‘zgacha zavq bilan tomosha qilishdi.
Namoyish etilgan spektakl tarixiy jarayonlar, ming yillik insoniyat sivilizatsiyasini o‘zida mujassam etgan go‘zal raqs “Lazgi”ni tarannum etdi. Tomoshabinlar esa uning jozibasini yana bir bor his qildilar.
Aholi ma’naviyati, dunyoqarashini yuksaltirish, yoshlarni milliy va umumbashariy g‘oyalar asosida kamol toptirishda madaniyat sohasi, xususan, teatr san’atining o‘rni katta.
Mamlakatimizda barcha korxona va muassasalarda oyning bir kunini “Teatr kuni” deb e’lon qilingani ma’naviyat maskanini yanada gavjumlashtirdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari