Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida rahbarlar va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda filial direktori Zafar Xakimov hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Rustam Tursunmuradovlar ishtirok etishdi.
Samimiy va ochiq muhitda kechgan muloqotda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan rahbarlarga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Suhbat jarayonida ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, ilmiy izlanishlarga qiziqishni oshirish, yoshlarning ijtimoiy faolligi va tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi.

– Yoshlar bilan muntazam muloqot qilish — ularning g‘oya va tashabbuslarini amaliyotga joriy etishning eng samarali usuli, – dedi Zafar Xakimov. – Biz har bir talabaning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga intilamiz.

Kengash raisi Rustam Tursunmuradov ham yoshlarning faolligini alohida ta’kidlab, kasaba uyushmalari tizimida ularning ishtiroki, mehnat huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

– Yoshlar jamiyatning kuchli tayanchi, ularning faolligi orqali islohotlar mazmun kasb etadi, – dedi u. – Shu bois har bir yoshga ishonch bildirish, ularni tashabbuskor va mas’uliyatli fuqarolar sifatida tarbiyalash biz uchun ustuvor vazifadir.
Tadbir davomida 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni hamda tashkilotning 120 yilligi oldidan viloyat kasaba uyushmasiga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, faol va tashabbuskor talabalar ham esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri