Davlatimiz rahbari doimiy ta’kidlab kelayotganidek, xalq rahbarlarga emas, rahbarlar xalqqa xizmat qilishi shart. Bu so‘zlar shior emas, balki har bir rahbar faoliyatining mazmuni va mezoni bo‘lishi lozim. Ayniqsa, aholi bilan yuzma-yuz muloqot, ularning dardini tinglash va muammosiga yechim topish orqali bu tamoyil amalda o‘z tasdig‘ini topadi.
Shu ma’noda, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirovning navbatdagi shaxsiy qabuli xalq bilan ochiq muloqotning yana bir amaliy namunasi bo‘ldi. Qabul davomida 30 nafar fuqaroning turli sohalarga oid murojaatlari tinglanib, ularning har biriga mas’uliyat bilan yondashildi. Fuqarolarni tashvishga solayotgan masalalar yuzasidan ochiq mulohazalar bildirildi, aniq yechimlar izlandi.
Murojaatlar orasida qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish, ish haqi va qarzdorliklarni undirish, firibgarlar tomonidan plastik kartadan pul mablag‘larining noqonuniy yechib olinishi, oilaviy nizolar, ish joyini o‘zgartirish, xizmat faoliyati bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, huquq-tartibotni ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olishga doir muammolar alohida o‘rin tutdi. Ijtimoiy xarakterdagi murojaatlar ham chuqur tahlil etildi.
E’tiborli jihati shundaki, ko‘tarilgan masalalarning salkam yarmi qabul jarayonidayoq o‘z yechimini topdi. Qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etadigan murojaatlar esa tegishli mutasaddi idoralar zimmasiga yuklatilib, ularning ijrosi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan shaxsan nazoratga olindi. Bu esa har bir murojaat taqdiri e’tibordan chetda qolmasligini anglatadi.
[gallery-27203]
Qabulda ishtirok etgan fuqarolarning ayrimlariga huquqiy maslahat va atroflicha tushuntirishlar berildi. Masalalari joyida ijobiy hal etilgan murojaatchilar esa soha rahbarlari va xodimlariga samimiy minnatdorchilik bildirishdi. Bu ishonch — rahbar va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqot samarasidir.
Shaxsiy qabul jarayonida har bir murojaat yuzasidan aniq va asosli tushuntirishlar berilib, ayrim masalalarning yechimi bo‘yicha mas’ul idora va bo‘linmalarga qat’iy topshiriqlar yuklatildi. Qonun doirasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar esa alohida nazoratga olindi.
Zero, rahbarning xalq dardiga befarq bo‘lmasligi — adolatli boshqaruv, tinch va farovon jamiyatning mustahkam poydevoridir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA