English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvida muammolar o‘rganildi
19:20 / 2023-06-16

Bugungi kunda aholi va yoshlarni qiynab kelayotgan muammo va masalalarini hal etish, ayniqsa, mahallalardagi ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor dolzarb ahamiyatga ega. Bunday jarayonlarda hududiy adliya organlarining roli va ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.

Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Xayrullo Sobirovning navbatdagi uchrashuvlaridan biri Namangan shahridagi Majnuntol mahallasi hududidagi 25-sonli umumta’lim maktabi binosida o‘tkazildi.  

"Yoshlar oyligi" doirasidagi mazkur muloqotda Majnuntol hamda Yangiobod mahallalarida istiqomat qiluvchi “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan 65 kishining turli masalalardagi muammolari tinglandi.

Dastlab, mahalla faoliyati yuzasidan fikr-mulohaza almashilib, turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, jinoyatchilikka barham berish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.  

Uchrashuvda yoshlar bandligi, uy-joy, ishga joylashtirish kabi masalalar bo‘yicha yo‘llangan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, yana bir nechta murojaatlarga shu joyning o‘zida huquqiy tushuntirish berildi.  

Bundan tashqari, Majnuntol mahallasida yashovchi bemorlarning xonadoniga borilib, ularning murojaatlari o‘rganildi. Bir fuqaroni tibbiyot muassasasiga joylashtirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.  

Darhaqiqat, joylarda o‘tkazilayotgan bu kabi davra suhbatlari, amaliy uchrashuvlar adliya idoralari hamda fuqarolar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash, davlat va jamiyat o‘rtasida uzviy muloqotni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA