Uchquduq tumanidagi 1-son politexnikumda “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Navoiy viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva yoshlarga qaratilgan davlat siyosati, yaratilayotgan imkoniyatlar va ularning jamiyatdagi o‘rni, Federatsiya tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

– Kasaba uyushmalari bu xalq tashkiloti. Keyingi yillarda ushbu tashkilot nafaqat ishchi-xodimlarga, balki ko‘plab yurtdoshlarimizning dardiga malham, ko‘makdosh, maslakdosh, qo‘llab-quvvatlovchi va madad berib kelayotgan tashkilotga aylandi, – deydi N.Tog‘ayeva.

– Har yili kasaba uyushma tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tadbirlar dasturiga ko‘ra, xodimlarning madaniyat muassasalari – konsert, muzey va ko‘rgazma zallari, kinoteatrlarga tashriflari, mamlakatimizning diqqatga sazovor shaharlariga sayohatlari uyushtirilmoqda.

Qolaversa, yakka-yolg‘iz, yordamga muhtoj oilalar, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashovchilar holidan xabar olinib, ularga moddiy hamda ma’naviy jihatdan yordam berib kelinmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi”, Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyi tashkil etildi.

Muloqot davomida kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lish afzalliklari, yoshlar uchun imtiyoz va kafolatlar, yangi Mehnat kodeksi haqida tushunchalar berildi.
– Men hozirgi kunda 1-son politexnikumda elektr stansiyalari uskunalarini ta’mirlash yo‘nalishida kasb o‘rganmoqdaman. Bugungi kunda biz yoshlarga davlatimiz tomonidan juda katta qulaylik va imtiyozlar yaratib berilmoqda, – deydi Elyor Esonboyev. – Jumladan, davlatimiz rahbari joriy yil 15 sentyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda ham texnikumlar faoliyatiga to‘xtalar ekan, bir qator davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinishini alohida ta’kidlagan edi.

Endilikda kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan talabgor texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihon qilinib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, joriy o‘quv yilidan Angliyaning Pirson kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xalqaro dasturi boshlandi.

Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.

Shuningdek, texnikumlarda “investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida dual ta’limning yo‘lga qo‘yilishi ham biz yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan biridir.
Tadbir qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA