Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rahbar va yoshlar uchrashuvi
16:37 / 2024-02-22

Navoiy davlat pedagogika institutining Axborot- resurs markazida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat Kengashi hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi viloyat tashkiloti hamkorligida institutning yosh xodimlari hamda talabalari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Federatsiyaning viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva bugungi kunda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar, shuningdek, kasaba uyushmalari tizimida yoshlarga oid davlat siyosati bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. 

Yangilangan Konstitutsiyamizda ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilining “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirilishi yurtimizda, eng avvalo, inson manfaati har narsadan ustun ekanligini anglatadi. Shuningdek, ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki barobarga oshirildi. Fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish imkoniyati, bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi belgilab qo‘yildi. 

Nogironligi bor bolajonlarimizga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Eng muhimi, o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirildi. Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlandi. Bundan tashqari, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi ham mustahkamlab qo‘yildi. Majburiy mehnatga barham berildi. 

– Yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni ko‘zlab, bosqichma bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda, – deydi institut kasaba uyushma qo‘mitasi raisi N.Bekmurodov. – Bugungi kunda yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun bor kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda. Chunki yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Natijada yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boradi. 

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan tadbir yakunida institutning faol yoshlariga esdalik sovg‘alar va tashakkurnomalar topshirildi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri