Yoshlarning mehnat bandligini ta’minlash masalasiga mamlakatimizda ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu dolzarb masala “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyatining ham doimiy e’tiborida bo‘lib turibdi. “Rahbar va yoshlar” mavzusidagi uchrashuvda ham ayni shu masala xususida batafsil so‘z yuritildi.
“O‘zmilliybank” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mirdovidov yoshlar kelajagimiz poydevori, yurtimiz taraqqiyoti va ravnaqi uchun eng muhim kuch ekanini, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda yoshlarga oid siyosat yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy kasb va hunarlarni o‘rgatish, xorijiy tillarni mukammal egallash, ilm-fan va innovatsiya hamda tadbirkorlik sohalarida yoshlarning o‘z imkoniyatlarini to‘la namoyon qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bu esa yoshlarimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Biz yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz va azmu shijoatingizga suyanamiz”, degan ezgu so‘zlari bugungi kunda amalda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Bu so‘zlar har bir yoshga katta ishonch va mas’uliyat yuklaydi.
– Biz rahbarlar sizlarning orzu va intilishlaringizni qo‘llab-quvvatlash, har bir g‘oya va tashabbusingizni eshitish va hayotga tatbiq etish uchun xizmat qilamiz, – dedi “O‘zmilliybank” Aksiyadorlik jamiyati “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov. – Bugungi uchrashuvimiz ham aynan shu maqsadda tashkil etilgan. Negaki, sizlarning g‘oyalaringiz – bu yangi taraqqiyot yo‘limizning yo‘l xaritasidir. Bugun o‘z oldimizga yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, yoshlarning biznes loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ulkan maqsadlarni qo‘yganmiz.
E’tirof etilganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 14 fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashda yangi istiqbollarni ochmoqda.
Unga muvofiq, “O‘zmilliybank” AJ va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshirilishi belgilandi. Dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “O‘zmilliybank” AJda “Kelajakka qadam” markazi, shuningdek, Respublikamizning barcha hududlaridagi oliy ta’lim tashkilotlarida markazning 59 ta xizmat ko‘rsatish bo‘limlari tashkil etildi.
Bu esa har bir bitiruvchi talaba-yoshlar uchun oliy o‘quv dargohi hududidan chiqmagan holatda o‘z biznes g‘oyasini tayyor loyihaga aylantirish va qulay moliyalashtirish imkoniyatini yaratdi.
Bugungi kunga qadar o‘z biznes loyihalarini taqdim etgan 3,4 ming nafardan ortiq bitiruvchi yoshlar tadbirkorlikka yo‘naltirilib, ularga dastur doirasida jami 148,8 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Shuningdek, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan yoshlarning munosib ish o‘rinlarini topishga ko‘maklashish maqsadida Toshkent shahri hamda Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Buxoro, Surxondaryo viloyatlarida “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmalari tashkil etildi. Mazkur ko‘rgazmalarda 123 ta oliygohlarning 114 ming nafar bitiruvchi talabalari hamda 2 000 ga yaqin ish beruvchi korxonalar bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Jonli va samimiy ruhda o‘tkazilgan muloqot davomida yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun “O‘zmilliybank” AJ tizimida yaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Jumladan, hozirda bank tizimidagi 6 ming 247 nafar xodimdan 1 ming 852 nafari (30%)ni yosh mutaxassislar tashkil qiladi.
Joriy yilda “O‘zmilliybank” AJ Bosh ofisi xamda hududiy Bosh boshqarmalariga 445 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlar ishga qabul qilindi. Ularning 339 nafari yigitlar, 106 nafari esa xotin-qizlardir. Ushbu yoshlarning 88 nafari oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalari hisoblanib, pul to‘lanadigan stajirovka dasturiga ishga qabul qilingan.
2024-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining magistratura ta’lim yo‘nalishiga 27 nafar yosh xodimlar Bank tavsiyanomasi asosida o‘qishga qabul qilindi.
Shuningdek, yosh kadrlar salohiyatini yuksaltirish maqsadida bank tomonidan mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan. Hamkorlik memorandumlari yuzasidan yo‘l xaritalari ishlab chiqilgan. Bunda ta’lim, fan va ishlab chiqarishning innovatsion uyg‘unlashuvi asosida innovatsion-korporativ hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bankning investitsion ishtiroki mavjud bo‘lgan yirik loyihalarda ham iqtidorli va kreativ fikrlovchi talaba-yoshlarning birgalikdagi ishtirokini ta’minlash asosiy yo‘nalishlar etib belgilangan.
Bankka yangi ishga qabul qilingan yosh mutaxassislar uchun bank faoliyati, maqsadi va vazifalari, tashkiliy tuzilmasi, bankning mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan o‘rni, asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari va boshqa foydali iqtisodiy bilimlarni o‘z ichiga olgan “Welcome training” o‘quv dasturi joriy etilgan. Bu yosh kadrlarning kasbiy malakasini oshirish, ularning tizimga moslashuv jarayonini yengillashtirish va o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zmilliybank” AJ tizimida 160 nafar yosh rahbar kadrlarning ishlayotgani yoshlarga bo‘lgan ishonchning yorqin misolidir. Do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda yoshlarning kelgusidagi rejalari, loyihalari xususidagi fikrlari ham tinglandi. Ularning savollariga batafsil javob qaytarildi. Kelgusida amalga oshiradigan ishlar rejasi belgilab olindi.
N.Usmonova,
O‘zA