Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rahbar tashkilotchi va tadbirkor bo‘lishi kerak
19:14 / 2022-01-17

Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimligi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Xatirchi hayoti” gazetasida 25 yildan buyon bosh muharrir vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan jurnalist Anvar Hosilovning 60 yoshligiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

A.Hosilov “Xatirchi hayoti” gazetasida 1988 yilda muxbir bo‘lib ishga kirgan. O‘tgan yillar davomida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib bo‘lib ishlagan. 1996 yildan hozirgi kunga qadar bosh muharrir vazifasida faoliyat yuritmoqda. Rahbar avvalo, tashkilotchi va tadbirkor bo‘lishi kerak, deyishadi. Anvar akada ham ana shunday fazilatlar mujassam. U gazetaga muharrir lavozimiga tayinlangan ilk kunlaridanoq gazetaning adadini oshirish, tahliliy-tanqidiy maqolalar tayyorlashga e’tibor qaratdi. Tahririyatda obunani to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirishga asos solindi hamda gazeta asosan tahririyat tomonidan tarqatila boshlandi.

[gallery-5478]

– Muharrirlik katta mehnat va bardosh talab qiladi, – deydi “Salomatlik” gazetasi bosh muharriri Ibrohim Jumayev. – Anvar Hosilov “Xatirchi hayoti” ni uzoq yildan buyon boshqarib kelayotgan bo‘lsa, bu nashr allaqachon tuman tarixining ko‘zgusiga aylangan, deyish mumkin. Bu bevosita gazetaning tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi o‘rnini ko‘rsatadi. Mazkur nashrning fidoyi muharriri jurnalistik faoliyat bilan birga oila boshlig‘i sifatida ham farzandlar va nevaralarini vatanga fidoyi qilib tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. 

Umr saodatining kaliti ham shunda, albatta. A.Hosilovning bevosita rahbarligida 2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 25 million so‘mlik grantiga erishildi. 2017 yilda esa O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining kompyuter jamlanmasi olindi. Ayni paytda tahririyatga 1,5 gektar yer ajratilib, ijodkorlar bog‘ini barpo etish ishlari boshlanish arafasida.

Tadbir yakunida A.Hosilovga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limining “Tabriknomasi” va esdalik sovg‘alari, Xatirchi tumani hokimligining maxsus sovg‘asi topshirildi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA