Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Rahbar ayollar maktabi” ishtirokchilari Latviya tajribasini o‘rgandi
14:33 / 2025-07-21

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining “O‘zbekistonda davlat boshqaruvi salohiyatini oshirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida “Rahbar ayollar maktabi” dasturi ishtirokchilari uchun Latviya Respublikasida stajirovka tashkil etildi.

Mazkur tashrifda yurtimizning turli sohalarida faoliyat olib borayotgan rahbar ayollar qatorida Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligining bosh mutaxassisi, “Rahbar ayollar maktabi” dasturi ishtirokchisi Feruza Hojimurodova ham ishtirok etdi.

Feruza Hojimurodovaning ta’kidlashicha, ushbu tadbir O‘zbekistonda faol rahbarlik qobiliyatiga ega ayollarning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, ularni xalqaro tajribalar bilan tanishtirishga xizmat qiladi.

– Latviyadagi tajriba bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, qonun ijodkorligida ayollar ishtirokini ta’minlash, gender tengligini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish borasidagi yondashuvlar biz uchun juda muhim. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalar orqali ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, biznes va ijtimoiy sohalardagi innovatsion yechimlar yurtimizdagi amaliyotda ham qo‘llashga arziydi, – dedi u.

Stajirovka doirasida ishtirokchilar Latviyaning gender tengligi siyosati, ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishda NNTlar bilan hamkorlik qilish, jamoatchilik fikrini shakllantirish, shuningdek, ijodkorlik va innovatsiyalarni rag‘batlantirish borasidagi tajribasi bilan tanishdi.

Agentlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur stajirovka rahbar ayollarga xalqaro tajriba va ilg‘or amaliyotlardan o‘rnak olish, o‘z faoliyatlarida innovatsion yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, gender tengligini ta’minlashda samarali yechimlardan foydalanish imkonini yaratdi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA