Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (komplayens) xodimlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Latviya davlatida tashkil etilgan Yozgi maktabda ishtirok etdi.
Ishtirokchilar uchun Latviyaning davlat moliyaviy nazorati, davlat mulkini hisobga olish va uni idora qilish, investitsiya, sanoat va erkin iqtisodiy hududni rivojlantirish, bojxona, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflikni ta’minlash, huquqni muhofaza qilish kabi tashkilotlar mas’ullari tomonidan o‘quv- mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi moliyaviy ko‘magida Latviya Moliya va shartnomalar markaziy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish – inklyuziv korrupsiyaning oldini olish” loyihasi doirasidagi ushbu tashabbus korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlari vakillari uchun Yevropada ilk bor tashkil etilgan tajriba maydoni bo‘ldi.


Mashg‘ulotlar davomida mazkur tashkilotlarning ichki nazorat tuzilmalari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining faoliyatida korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va bartaraf etish, ayni jarayonlarning normativ hujjatlar bilan tartibga solinishi aniq amaliy misollar orqali o‘rganildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA