Har yili 22 mart – mahalla tizimi xodimlari kuni sifatida nishonlab kelinadi.
Mazkur sana munosabati bilan Namangan viloyatida mahalla tizimining 40 nafar xodimiga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni taqdim etilgan edi. Ularning har biriga “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 1 million 200 ming so‘mdan jami 48 million so‘m mukofot pullari topshirildi.

E’tiborlisi, mukofotni olgan mahalla tizimi xodimlariga fond mablag‘lari hisobidan mamlakatimiz sanatoriylarida davolanishlari uchun bir martalik bepul yo‘llanmalar taqdim etilmoqda. Ayni kunlarda Toshkent viloyati Qibray tumanidagi so‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan “Navbahor” sihatgohida namanganlik bir guruh mahalla fidoyilari davolanib, maroqli hordiq chiqarmoqda.
– Keyingi yillarda mahalla tizimiga, ularda faoliyat yuritayotgan “beshlik” xodimlariga katta e’tibor berilmoqda. “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonini shaxsan viloyat hokimidan qabul qilib olganimda shu kasbda mehnat qilayotganimdan g‘urur tuydim, o‘zimga ulkan rejalar belgilab oldim, – deydi Uychi tumanidagi “Bog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Roziya Abdullayeva. – Bugungi kunda “Mahalla” fondi tomonidan tabiat qo‘ynidagi sihatgohda bepul davolanishimga sharoit yaratib berildi. Bu joyda boshqa viloyatlardan kelgan hamkasblar bilan tajriba almashyapmiz, amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan vazifalarni belgilab olyapmiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA,