Yoz fasli rassomlarni sokin tabiat qo‘ynida ijod etishga chorlaydi. Ayni kunlarda oliygohlarda ta’lim olayotgan talabalar yozgi ta’tilda dam olmoqda. Ammo talaba rassomlar qizg‘in ijod bilan band. Joriy yil ham O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan iyun, iyul va avgust oylarida yosh ijodkorlar uchun turli tanlovlar, tadbirlar va ijodiy kechalar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida “Navqiron O‘zbekiston” Respublika yosh ijodkorlar amaliy san’at ko‘rgazma-tanlov yakunida Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi tomonidan yosh dizaynerlar namoyishi tashkil etildi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
– Ijodkorning bo‘sh vaqti bo‘lmaydi, – deydi taniqli rassom va haykaltarosh Azamat Hotamov. – U bo‘sh qoldi deguncha xayolan ijod qiladi. Yangi asarlar haqida fikr yuritadi. Bugun zamon shiddat bilan taraqqiy etayapti. Yosh rassomlar ana shu tezkorlikka, shiddatga javoban ish yuritishlari kerak. Ana shundagina o‘zlari ham vulqondek otilib, san’atda ko‘rina boshlaydi, taniladi, ijod mahsuli ko‘zga tashlanadi. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining o‘nlab talabalari ijodxonamga har kuni kelishadi. Topshiriqlar olishadi. Ayrimlari ustaxonada kechalari qolib, san’at asariga sho‘ng‘ib ijod qilishadi. Ular kasblarini sevishadi, ularda fidoyilikni ko‘raman. Bunday yoshlar, albatta, rag‘batga munosib. Ayrim yoshlar bor juda uddaburon. Biz eshitmagan xalqaro nufuzli tanlovlarda ishtirok etib o‘rinlar olishadi. Badiiy akademiya har yili iqtidorli talabalar uchun tabiat qo‘yniga sayohatlar tashkil etib beradi. Bu ularga o‘zgacha ilhom bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda vazirlik va idoralar hamkorligida 2 iyul – O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kunning 30 yilligi munosabati bilan “Ranglarda aks etgan Vatan tuyg‘usi” ijodiy ko‘rik-tanlov o‘tkazildi. Tanlovda tasviriy san’at yo‘nalishida ijod qilayotgan yosh rassomlar ishtirok etishdi. Avgust oyi davomida “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ozod diyor manzaralari”, “Vatan madhi” nomli ijodiy tanlovlar o‘tkaziladi.
Poytaxtdagi mavjud ko‘rgazma zallarida an’anaviy ustoz-shogird ko‘rgazmalari o‘tkazilib kelinmoqda. Bu an’anani hududlar kesimida amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yoshlar ishtirokida ko‘chma ko‘rgazmalar, zamonaviy va innovatsion tasviriy asarlar ko‘rgazmalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
D.Mamatova,
O‘zA muxbiri