Davlat va jamoat arbobi Rafiq Nishonov 95 yoshni qarshilash arafasida. U Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan, tarix fanlari nomzodi.
O‘zA gurungi
Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi raisi, SSSRning Shri-Lanka, Maldiv Respublikasi, Iordaniya Qirolligidagi favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib xizmat qilgan. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri, Respublika Oliy Soveti Prezidiumining raisi, O‘zbekiston KP Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi lavozimlarida ishlagan.
- Hurmatli Rafiq Nishonovich, suhbatimizni uzoq yashash “sir”laridan boshlasak. Salkam 100 yil hayot kechirish uchun qanday maslahat bergan bo‘lar edingiz?
- Men O‘zbekistonning eng go‘zal qishloqlaridan birida tug‘ilganman. Uyimizdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Chirchiq daryosining chuqur tog‘ oqimidan suv olardik. O‘sha muzli suvning mazali ta’mini hech qachon unutmayman. Bu xotira menga baxt hissini baxsh etadi.
O‘zbekistonda havosi ajoyib, shifobaxsh buloqlar ko‘p. Vitaminlarga boy bo‘lgan, shirin qovun, tarvuz, uzum, xurmo, anjirning O‘zbekistondagidek ko‘p xil navi tarqalgan joy dunyoda kam.
Qishlog‘imizda uch yuzga yaqin fermer xo‘jaligi bo‘lardi, ularning har biriga kolxoz yigirma sotixdan yer ajratgandi. Biz kartoshka, makkajo‘xori, bug‘doy yetishtirardik. Albatta, qovun, tarvuz, sabzavot, no‘xat va ko‘kat ham o‘sardi. Ko‘k choy, issiq kulcha va uzum an’anaviy nonushtamiz edi. Yoshligimdan Samarqandning 95-nav ko‘k choyi esimda qolgan. Bunday foydali jihatlari ko‘p choyning ta’mini hech ham unutolmaysiz. O‘zingiz bilasiz, uzoq umr ko‘rish faqat toza havo, suv va to‘g‘ri ovqatlanishga bog‘liq emas. Bu, eng avvalo, hayot tarziga, samarali mehnatni oqilona dam olish bilan uyg‘unlashtirish qobiliyatiga bog‘liq. Bekorchilik esa paradoksal ko‘rinishi mumkin bo‘lsa-da, sog‘liqqa faqat zarar keltiradi. Yaxshi kayfiyatda yurish, g‘am-tashvishni unutishni ham maslahat berardim. Har bir narsada g‘alabaga intilish, muvaffaqiyatga erishish kerak.
- Sizningcha, respublikamizning bugungi yutuqlari nimalarda aks etmoqda? O‘zbekistonning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
- Avvalo, shuni ta’kidlashni istardimki, Prezident Shavkat Mirziyoyev chinakam «tinch» inqilobni amalga oshirdi. U eski ko‘rsatma va tushunchalardan qat’iyat va xotirjamlik bilan voz kechib, O‘zbekistonning yanada izchil rivojlanishi uchun sharoit yaratdi. Prezident BMT Bosh Assambleyasidagi ta’sirli nutqida, Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida yangi g‘oyalarni shakllantirdi va O‘zbekistonni strategik rivojlantirishning aniq yo‘llarini taklif qildi. Davlat rahbarining qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin, do‘stona munosabat o‘rnatishga qaratilgan shaxsiy tashabbusi mintaqada yangi siyosiy haqiqatni shakllantirdi. Kapitalni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa yangiliklar biznesga nisbatan ishonch kuchayishiga va jiddiy investitsiyalar oqimiga olib keldi. Masalan, yurtdoshimiz, O‘zbekistonning chinakam vatanparvari, iste’dodli tadbirkor Alisher Usmonov pandemiya tufali joriy etilgan karantin paytida odamlarni qo‘llab-quvvatlash, yirik korxonalarni rekonstruksiya qilish, yangi inshootlar qurish, jumladan, ko‘rkam Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish uchun mablag‘ ajratmoqda. Uning ko‘plab loyihalari respublikada ta’lim, madaniyat, turizm va sportni rivojlantirishga qaratilgan.
- So‘nggi yillarda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Sizningcha “O‘zbekiston renessansi”, "Yangi, yangilanayotgan O‘zbekiston", degan iboralar nimani anglatadi?
- O‘zbekiston, shubhasiz, qayta tiklanmoqda. O‘zbekistonni oldinda nafaqat yangilanish, balki chinakam yuksalish, renessans kutmoqda. Bu meni cheksiz quvontiradi, chunki ayni fikr asossiz emas. Vatanimizda taraqqiyot uchun barcha imkoniyat bor: mehnatsevar va iste’dodli insonlar, bebaho tabiiy boyliklar. Hozir shu imkoniyatlarning bari, iloji boricha, to‘g‘ri boshqarilyapti, qo‘shni mamlakatlar, jumladan, MDHning barcha mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada rivojlanyapti, Rossiya, Xitoy, Hindiston va boshqa davlatlar bilan aloqalar jaddalashdi. Ishonamanki, tez fursatda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, aholi farovonligini oshirishda ulkan natijalarga erishiladi.
Renessansga kelsak, O‘zbekiston tarixida ikki bor Renessans bo‘lgan. Avvalgisi IX-XII asrlardagi Sharq Renessansi bo‘lsa, keyingisi Temuriylar davri Renessansidir. Birinchi - Sharq Renessansida Movarounnahrning buyuk olimlari – Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy va boshqa allomalarimiz tomonidan qadimgi, ko‘hna ilm, bilim, aniq fanlar, urf-odatlarimiz qayta tiklandi. Antik davrning boy merosini yangidan ijodiy o‘rganish, tahlil qilish natijasida jahon ahamiyatiga molik haqiqiy ilmiy yuksalish, yangilanish sodir bo‘ldi. Bu yuksalishsiz keyingi taraqqiyotni tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Chingizxon qo‘shinlarining bosqini va sodir etilgan vayronagarchiliklardan keyingi Temuriylar Renessansi, deb nom olgan davrda esa qariyb barcha sohalar: san’at, kasb-kor, me’morchilik, she’riyat, adabiyot, dunyoviy fanlar yuksaldi.
Shuni alohida ta’kidlab aytish joizki, O‘rta asrlardagi birinchi va ikkinchi Renessans davrida o‘lkamizda dunyoga mashhur fan arboblari paydo bo‘lgan bo‘lsa, bugungi Renessans yoshlardan tortib, to qariyalarga qadar, jamiyatimizning barcha qatlamlarini qamrab olishi lozim va u iqtisodiyot, fan, texnika, texnologiyalarning jiddiy rivojlanishiga olib kelishi darkor. Men shunday hisoblayman.
- Ba’zilar sizni Sharof Rashidovning do‘sti, shogirdi, desa, boshqalar teskari fikr bildirishadi. O‘zingiz nima degan bo‘lar edingiz?
- Sharof Rashidovich taniqli siyosatchi, davlat arbobi, 20 yildan ortiq vaqt davomida mamlakatni juda samarali boshqargan. Kamtarin, ishbilarmon, shu bilan birga talabchan rahbar edi, hech qachon ovozini ko‘tarmasdi, so‘kinmasdi. U Toshkent shahri Oktyabr raykompartiyasi birinchi kotibi lavozimiga mening nomzodimni ko‘rsatgan, so‘ng Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasini boshqarishni taklif qildi. Bir necha yil o‘tgach esa, o‘sha norasmiy lahzani yaxshi eslayman, menga qo‘ng‘iroq qilib, bir daqiqaga kelib-ketishimni aytdi va "Rafiq Nishonovich, ertaga birinchi reys bilan Moskvaga uchasiz, ertalab SK KPSSda bo‘lishingiz kerak.", dedi. O‘shanda bir qator rasmiy uchrashuvlar Leonid Ilich Brejnev huzurida juda qiziqarli suhbat bilan yakunlandi. U oxirida shunday dedi: “Sharof Rashidovich sizni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi kotibi lavozimiga tavsiya qilyapti. Biz u kishining tavsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz va sizga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz”.
Sharaf Rashidovich bilan yelkama-yelka yetti yil do‘stona ruhda olib borilgan mehnat faoliyatim samarali kechdi. Uning vafotidan so‘ng KPSS MK kotibiyati bosimi ostida chaqirilgan O‘zbekiston Kompartiyasi MKning iyun oyi plenumi bo‘lib o‘tdi. Minbardan turib O‘zbekiston KP MK birinchi kotibi I.B.Usmonxo‘jayev o‘zidan avvalgi rahbarni noto‘g‘ri boshqaruv uslubi, paxtachilikdagi holatlar uchun qattiq tanqid qildi. O‘shanda Sharof Rashidovichni, deyarli, hamma amaldor tanqid qilgan bo‘lsa kerak...
Aslida, ayb Moskvada ekanligi ko‘pchilikka ayon. Brejnevning o‘zi Rashidovni majburlab turgan bo‘lsa, u nima qila olardi?! O‘tgan asr 60-yillari oxirida Moskvadan qaytib kelayotgan Sh.Rashidov menga: «Paxta ko‘rsatkichlarini yana oshirib ko‘rsatish kerak. Siyosiy byuro a’zolarining tushligi paytida Leonid Ilich mendan “Nega to‘rt million to‘qqiz yuz ming tonna paxta yozilgan, deb, rejani besh millionga yetkazish kerakligini aytdi. Men shunchaki xo‘rsinib, hammaning oldida Brejnevga e’tiroz bildirolmadim», degan edi. Noto‘g‘ri hisob-kitob, kamchiliklar, achinarli xatolarga qaramay, men Sh.Rashidovni buyuk shaxs va ajoyib rahbar, deb bilaman. Unga bo‘lgan munosabatim, umuman olganda, juda ijobiy, chunki o‘shanda nomzodimni yuqori diplomatik xizmatga tavsiya qilib, Sharof Rashidovich meni respublikaning o‘sha paytdagi butun rahbariyati duch kelgan bo‘lajak to‘qnashuv, xatoliklardan qutqarib qoldi. Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, bilmaganlar har xil gaplarni aytaveradi.
- Aytingchi, o‘sha avtoritar sovet davrida siz kabi rahbarlarga biron-bir bosim o‘tkazilganmi? O‘zingiz istamagan narsani qilishga majbur bo‘lganmisiz?
- Men buni bosim demagan bo‘lardim. Sovet siyosatining o‘zi shunaqa edi. Yuqori minbardan turib bir gap aytilardi-da, amalda mutlaqo boshqa ish qilinardi. Real hayotda esa uchinchisi sodir bo‘lardi.
O‘sha siyosat “ijodkorlari” orasida o‘zim ham bo‘lishimga qaramay, hozir mana, keksa paytimda sovet siyosatining bu g‘alati, g‘ayrioddiy tomonlari haqida ko‘p o‘ylayman. Yashirmayman, u yoki bu katta masalani hal qilishda xalqning ommaviy shijoati, safarbarligi ham bisyor edi. Afsuski, yagona partiyaning nufuzli s’ezdlarida e’lon qilingan tarixiy shior, chaqiriqlar qog‘ozda qolib ketdi.
Aytaylik, partiyaning mashhur tarixiy XXII s’ezdida e’lon qilingan: “Hozirgi yoshlar avlodi kommunizmda yashaydi” degan shior uzoqqa bormadi, amalga ham oshmadi, boz ustiga aldov, yolg‘on bo‘lib chiqdi. Ayni davrda mamlakat aholisi oziq-ovqat muammosiga duch keldi. Yodimda, Toshkentda odamlar ertalabdan do‘konlar oldida non uchun navbatga turishardi, mening onam ham jo‘xori unidan non yopgan.
- Rafiq Nishonovich, keksa avlod vakillari sizning Toshkentdagi majlislardan birida so‘zlagan nutqingizda anchagina salbiy ma’noda "sharafrashidovshchina" iborasini ishlatganingizni eslashadi. Bunday deyishingizning asl sababi nimada?
- Bu savolingizga javob berish uchun o‘sha kunlar muhitiga qaytishimiz kerak bo‘ladi. Butun mamlakat bo‘ylab “qayta qurish” davom etardi. Bizda Gdlyan va Ivanov boshchiligida tergov guruhi ish olib borgan. Har kuni u yoki bu kishini, ba’zan juda halol, hurmatli odamlarni hibsga olishardi. Boshqa tomondan esa hujjatlarda nomutanosibliklarga yo‘l qo‘yilgan, har xil huquqbuzarliklar sodir etilgan.
Oktyabr inqilobi bayrami to‘g‘risidagi ma’ruzam bilan Oliy Sovet Prezidiumining raisi sifatida nutq so‘zlar ekanman, men ushbu atamani birinchi marta o‘sha paytda O‘zbekistonda, butun Ittifoqdagi kabi boshqarishning avtoritar uslubi hukm surgan vaziyatni tasvirlash uchun ishlatganman. "Sharafrashidovshchina" iborasi shu qadar keng qo‘llanilishini hech o‘ylamagandim. Nutqimni qo‘llab-quvvatlaganlar, munosabatimga qo‘shilganlar bo‘ldi. Shu bilan birga “Nima uchun mavzuni keskinlashtiryapsiz, bo‘lib o‘tgan ishni eslash shartmi?", deganlar ham bo‘ldi.
Albatta, Markaz tomonidan o‘zbek xalqiga nisbatan ishlatilgan "O‘zbeklar ishi" iborasi meni ham qaqshatardi. Aniqlanmagan to‘g‘ri-noto‘g‘ri faktlarni butun bir xalq nomi bilan atash mumkinmi, axir?! Bundan tashqari, sodir bo‘layotgan voqea-xodisalarning asosiy qurboni odamlar bo‘lgan. Avvalo, yovuzlik aynan xalqqa qarshi qaratilgan, paxtakorlarga to‘lanmagan pullar ham respublikada, ham Moskvada poraga ishlatilgan, ularga "Volga" avtomobillari, dabdabali qasrlar, taqinchoqlar olingan.
Qayta qurish jamiyatni sog‘lomlashtirishni anglatardi. 1989 yil dekabr oyida SSSR xalq deputatlari ikkinchi qurultoyida mazkur tergov guruhi ishini tekshirish bo‘yicha komissiya hamraisi, deputat V.A. Yarin quyidagi ma’lumotlarni aytib o‘tdi: O‘zbekistondagi huquqni muhofaza qilish idoralari sakkiz yuzdan ortiq jinoiy ishni tergov qildilar. Besh mingdan ortiq kishi, jumladan olti yuz rahbar xodim, o‘n nafar Sotsialistik Mehnat Qahramoni sudlandi. Ayblanuvchilarning yuz million so‘mlik pul va qimmatbaho buyumlari musodara qilindi.
Nima, faqat O‘zbekistonda o‘g‘irlik va poraxo‘rlik bo‘lganmi? Oshirib, qo‘shib yozish, deyarli, barcha respublikalarda bor edi. Masalan, Kavkaz ortida choy yetishtirishdagi ko‘zbo‘yamachilik. Ish yaxshi bitishi uchun har kuni u yoqdan pul, konyak va boshqa qimmatbaho sovg‘alar Davlat rejalashtirish qo‘mitasi va Moliya vazirligiga olib kelingan. Mening fikrimcha, O‘zbekiston boshqalarga namuna qilib ko‘rsatish uchun tanlangan. Gdlyan va Ivanov tergov guruhi ishining dastlabki bosqichida men mamlakatda bo‘lmaganman, ammo shuni tan olamanki, avvaliga men kino qahramoni Gleb Jeglovning: "o‘g‘ri qamoqda o‘tirishi kerak", degan fikriga qo‘shilib, ularga ishonganman. Shunga qaramay, iloji boricha, hamma narsaning tagiga o‘zim yetishni istaganman.
Vaqt o‘tishi bilan men o‘zim uchun ko‘p narsalarni tuzatdim, to‘g‘riladim. Yuqori amaldorlarning haqiqiy jinoyati, shubhasiz, nafratga loyiq, biroq tergovning asta-sekin oshkor qilingan ba’zi usullari menga yoqmadi. Men shu paytda keng tarqalgan avval odamni qamoqqa tashlab, keyin uning aybini isbotlash amaliyotini jirkanch, deb bilardim. Tez orada yana kimningdir qamoqqa tushishi uchun tergov jarayonida kim kimgadir pora berganini tan olishi yetarli edi. Qonunchilikda gumondorni uch kundan ortiq bo‘lmagan muddat davomida ushlab turish belgilangan. Ular esa yotoq jihozlari, hammom bo‘lmagan, ovqati yomon bo‘lgan, vaqtincha saqlash joylarida odamlarni bir necha oy ushlab turishgan. Guvohlik qanday olingan, hibsga olinganlarga jismoniy ta’sir ko‘rsatilganmi yoki yo‘q, bilmayman, lekin Gdlyan va Ivanov guruhi kuchli psixologik bosim qo‘llagani aniq. Qamoqxonalarda ko‘plab qarindoshlar, qariyalar, nogironlar, ko‘p bolali onalar bor edi. Men o‘n bir yoki o‘n ikki bolali ayollar hibsga olinib, ularni retsidivistlar bilan bir kameraga qamab, ustidan kulishgan, haqorat qilishgan holatlarni bilaman. Keyin "jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli" sog‘lig‘i yomonlashgan, qo‘rqitilgan, shundan keyin ruhiy tushkunlikka tushgan odamlarni uyiga qo‘yib yuborishgan. Bu keyingi qamoqqa olishlarni ham to‘xtata olmadi.
Ko‘plab halol vatandoshlarimiz “Nega endi hech qanday surishtiruvlarsiz hibsga olishlar davom etmoqda?”, deya e’tiroz bildirishardi. Nimalar bo‘layotganidan xo‘rlanib, mening oldimga tanish-notanish kishilar kelardi. Men Oliy Sovet Prezidiumi raisi bo‘lganimdan so‘ng bunday murojaatlarning katta oqimi kela boshladi. Hibsga olingan mexanizatorlar, buxgalterlar, ustalar, ombor mudirlarining xotinlari, onalari va farzandlari xatlarining oxiri ko‘rinmasdi. Ularga munosabat bildirmaslikning iloji yo‘q edi, chunki ular orasida kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalar, boquvchisini yo‘qotgan, zo‘rg‘a kun kechirayotganlar ko‘p edi.
Hujjatlar noto‘g‘ri to‘ldirilgan rahbarni sudlamoq boshqa, boshliqlarining xohishiga bo‘ysunishdan boshqa iloji bo‘lmagan oddiy, yarim savodli, uyatchan dehqonni sudlash boshqa, nega buning farqiga borishmaydi, deb qahrim kelardi. Prezidium a’zolari bilan maslahatlashib, komissiya tuzishga qaror qildik. Buning uchun kim nimaga loyiqligini anglash, minglab mahkumlarning har birining aybdorlik darajasini tekshirish, aniqlash kerak edi. Oliy Sovetda afv etish vakolati bor edi. Ayrimlarning jazo o‘tash muddatini kamaytirdik.
Ba’zida, deyarli, genotsid bilan taqqoslanadigan o‘zbek xalqining fojiasida kim aybdor? Gdlyan va Ivanov o‘zlarining harakatlari ikkinchi va uchinchi darajali shaxslarga qarshi qaratilmaganini aytishdan charchamagan. Shubhasiz, respublikada ular katta shaxslarga qiziqishgan, ular orqali Markazga, siyosiy byuro a’zolariga yetib borishni xohlashgan. Moskva amaldorlari kimni nishonga olishidan qat’i nazar, juda ko‘p odamlar, xohlaydimi, yo‘qmi tergovga duchor bo‘ldi.
Sh.Rashidov avvaliga tajribali, obro‘li rahbar sifatida gdlyanchilarga qarshilik ko‘rsatishga, nimanidir isbotlashga urindi, ammo Markazga qarshi tura olmadi. Markazning bosimi hech bir joyda iqtisodiyotga va tabiiy ravishda turmush darajasiga O‘zbekistondagidek kuchli ta’sir qo‘rsatmadi. "Mamlakat “oq oltin”ga muhtoj! Sotsialistik lagerdagi do‘stlarimiz paxta tolasiga ehtiyoj sezmoqda", degan targ‘ibot so‘zlari qayta-qayta takrorlanib, yerni vayron qilishga, Orol dengizini to‘ldiradigan Amudaryo va Sirdaryo suvini vahshiyona iste’mol qilishga, ishchi kuchi yetishmovchiligini talabalar, maktab o‘quvchilari hisobidan to‘ldirishga majbur qilindi.
- Respublikani faqat "paxta ishi" larzaga keltirmadi, o‘sha paytda boshimizga boshqa ofatlar ham tushgandi. Masalan, Farg‘ona voqealari...
- 1989 yil, SSSR xalq deputatlari birinchi qurultoyi sessiyalarining ikkinchi haftasi davom etayotgan edi. 3 iyun kuni kechqurun mehmonxonada hayotimdagi eng dahshatli qo‘ng‘iroqlardan biri yangradi. Farg‘onada Toshloq, Komsomolskiy qishloqlarida, Marg‘ilon shahrida falokat sodir bo‘lganini aytishdi. Qaroqchilarning uyushgan to‘dasi uylarga bostirib kirib, talon-taroj, shafqatsiz qotilliklar amalga oshirib, binolarni yoqib yurgan ekan.
Shu kechaning o‘zida Moskvada bo‘lgan xalq deputatlari - Respublika Vazirlar Mahkamasi Raisi G‘.X.Qodirov va Farg‘ona obkom partiyasi birinchi kotibi Sh.M.Yo‘ldoshevlar O‘zbekistonga uchib ketishdi. Qodirov respublika hukumat komissiyasini boshqardi.
Ertalab qurultoyda vahima: nima bo‘ladi, o‘ylab tagiga yeta olmayman. Gorbachyov menga o‘girilib: «Nima ma’lum qila olasan”, deb so‘radi. Menda vaziyatning tahlili u yoqda tursin, komissiya a’zolaridan ishonchli ma’lumotlar ham yo‘q edi. Bu haqda minbarga chiqmasdan, o‘tirgan joyimdan aytdim. Keyin ma’lumotlarimga ko‘ra, tartibsizliklar bozorda kuchli janjal - mesxeti turk o‘zbek sotuvchisi bilan urishib, bir tovoq qulupnayini ag‘darib tashlagani natijasida kelib chiqqan, deya qo‘shimcha qildim. Yaqin atrofdagi bir guruh o‘zbeklar ayolni himoya qildi. Mojaro qonli jangga aylanib, mahalliy yigitning o‘limi bilan yakunlandi. Keyinchalik bu gapim uchun meni qattiq tanqid qilishgandi. Meni sodir bo‘lgan hodisaning ko‘lamini tushunmaganlikda aybladilar. Men-ku hammasini tushundim: kundalik mojaro bunday ayanchli oqibatlarga olib kelishi uchun odamlarning qalbida qancha qahr, g‘azab saqlanib qolgan edi.
Shunga qaramay, men shoshilinch bayonotlar berishni istamadim. O‘zbekistonda ham televizor ko‘rishardi. Respublika rahbarining bitta ehtiyotsizlik bilan aytgan gapi yangi tajovuz to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin edi. Shu haqda gap ketayogan ekan, mayli aytaman: “bahona” (bu o‘z-o‘zidan tasodifiy, bema’ni bo‘lib, fojiaga olib kelishi mumkin) va hech qachon tasodifiy bo‘lmaydigan "sabab" o‘rtasidagi farqni tushunish lozim. O‘shanda men chuqur jarayon to‘g‘risida shoshilinch va beparvolik bilan gapirishni to‘g‘ri deb hisoblamadim.“Komissiya uchib ketdi. Barchasini o‘rganib chiqib, hammasi haqida batafsil ma’lumot beramiz”, dedim. Keyingi kun SSSR ichki ishlar vaziri V.V.Bakatin bilan Farg‘onaga jo‘nab ketdim.
Ketishim arafasida Qodirov bilan bog‘landim. O‘sha vaqtga kelib SSSR Ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlari bo‘linmalari respublikaga ko‘chirilgan edi, 4 iyun kuni kechki soat 9 dan komendant soati o‘rnatilgandi. G‘ayrat Hamidullayevich vaziyat qisman nazoratga olinganini xabar qildi.
Vadim Viktorovich bilan men zarar ko‘rgan hududlarni ko‘zdan kechirayotganimizda qo‘llarida tayoq va “molotov kokteyli” ushlagan yigitlar bo‘lgan yuk mashinalariga duch keldik. Bu ichki qo‘shinlar jangchilari bo‘lganiga qaramay sodir bo‘layotgan edi. Biz bilan bo‘lgan soqchilarni ko‘rib, yuk mashinalari to‘xtab qolishdi, yoshlar mashinadan chiqib har qayoqqa tarqalib ketishdi.
Yo‘lda Bakatin bilan maslahatlashib, Ichki ishlar vazirligi kuchlarini ko‘paytirish kerak, degan xulosaga keldik. Respublikaning iltimosiga binoan, qo‘shinlar soni o‘n uch ming kishiga yetkazildi. Mesxeti turklari uchun Tojikistonning Leninobod viloyati, Asht tumanida shoshilinch ravishda lagerlar tashkil etildi. Odamlar o‘sha yoqqa olib ketila boshlandi, palatkalar qo‘yildi, oziq-ovqat olib kelindi, vaqtinchalik aholi punktlari kuchaytirilgan xavfsizlik ostiga olindi. Men Gorbachev bilan harakatlarni muvofiqlashtirish uchun Moskvaga bir kunga uchib ketdim.
Shu o‘rinda mesxeti-turklari qanday qilib O‘zbekistonga kelib qolganini eslatish kerak. Ma’lumki, urush ketayotgan 1944 yili SSSR chegaralari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Gruziyaning Turkiyaga chegaradosh Mesxetiya hududida yashayotgan 100 mingdan ortiq mesxeti turklarining har biridan “o‘z ixtiyorim bilan ko‘ngilli ravishda keldim”, deb tilxat olinib, ommaviy ravishda O‘zbekistonga majburan ko‘chirib keltirilgan edi. Vatanini sog‘ingan mesxeti turklari bir necha o‘n yillar mobaynida o‘z yurtiga qaytarilishini so‘rab Sho‘ro hukumatiga qilgan ko‘plab murojjatlari mutlaqo e’tiborsiz qoldi. Sobiq ittifoq ma’muriyati masalani siyosiy hal qilishdan o‘zini chetga olardi. Moskvaning qarori bilan O‘zbekistonda majburan ushlab turilgan mesxeti turklari ozodlik yo‘lida hamma narsaga tayyor edilar. Boz ustiga “qayta qurish” davrida paydo bo‘lgan ayrim destruktiv kuchlar vaziyatdan foydalanish payiga tushdilar. Natijada Farg‘ona bozorida “bir tog‘ora qulupnay” janjali, Quvasoydagi pivoxona oldidagi mushtlashish, Parkent voqealari sodir bo‘ldi. Hammasiga chidash mumkin edi, lekin mesxeti-turk yoshlari tomonidan o‘zbek ayoli zo‘rlangani to‘g‘risidagi xabar o‘zbeklarning sabr kosasini to‘ldirib yubordi. Voqealar Farg‘ona, Qo‘qon, Quvasoyda yomon aks-sado berdi. To‘polonlarda qon to‘kildi. Xalqni tinchitish mumkin bo‘lmay qoldi. Gruziya hukumati esa mesxeti-turklarini o‘z vataniga qaytarib olishdan voz kechdi. Shunda 45 yil muqaddam zo‘rlik bilan deportatsiya qilingan mesxeti-turklari Sho‘ro hukumati qarori bilan O‘zbekistondan Rossiyaning noqoratuproq hududiga olib chiqib ketildi.
Farg‘onaga yana bir bor SSSR Ministrlar Sovetining Raisi Rijkov bilan keldim. Tartibsizliklarni tugatish va mesxeti turklar bilan nima qilish kerakligini aniqlash kerak edi. Nikolay Ivanovich bilan birgalikda mesxeti turklarini evakuatsiya qilish eng maqbul usul bo‘lib ko‘rindi.
1991 yilda SSSR Oliy Sovetida ishlaganimda deportatsiya "davlat darajasidagi tuhmat va genotsid siyosati" deya tan olingan "Qatag‘on qilingan xalqlarni reabilitatsiya qilish to‘g‘risida"gi qonunni tayyorlashda bevosita ishtirok etganimdan faxrlanaman.
- O‘zbekistonning hozirgi tashqi siyosati to‘g‘risida qanday fikr bildirasiz?
- Bir keksa siyosatchi sifatida aytadigan bo‘lsam, menga respublikaning xalqaro munosabatlardagi hozirgi pozitsiyasi yoqyapti. O‘zbekiston dunyoga ochildi va ko‘plab mamlakatlar bilan do‘stlik, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda. O‘zbekiston harbiy bloklarga qarshi chiqib, mintaqaviy va global miqyosda bunyodkor birlashmalar ishida ishtirok etishga tayyor. Tarjibamdan kelib chiqib ayta olamanki, haqiqiy do‘stlik va o‘zaro anglashuv muhitini o‘rnatish uchun, bu, ayniqsa qo‘shni davlatlar bilan aloqalarda juda muhimdir.
- Yoshi ulug‘ insondan so‘rash biroz noqulay bo‘lsa ham aytsangiz, ayni damda nimalar bilan mashg‘ulsiz?
- Vatanim - Bo‘stonliq, O‘zbekiston haqida kitob yozyapman. Men xotiralar, ayniqsa, yaqin do‘stlarim, taniqli diplomatlar va siyosatchilar memuarlarini miriqib o‘qishni yaxshi ko‘raman. Albatta, vaqt, muhit odamga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi, lekin ishonasizmi, 80 yoshdan oshganimda ham menga ish bo‘yicha takliflar kelardi. Nazarimda, agar insonda qat’iyat, mustahkamlik chegarasi, miyani "qayta formatlash"ga tayyorlik mavjud bo‘lsa, uni yiqitish qiyin. Kishilarda ayni xislatlarni qadrlayman, shu fazilatlarni farzandlarimga singdirishga harakat qildim. Ular olti nafar, kattalari allaqachon mustaqil. Endi nabiralarim, yana olti nafar evaramga singdiryapman. Oilaning yosh avlodi yig‘ilganda, kimdir albatta, "Keling, bobomiz tarixini ko‘ramiz", deyishadi. Bizda ko‘p yillar davomida to‘plangan boy videoarxiv bor. Ushbu qadrlardan, lavhalardan ular zavqlanishadi.

- Xalqlar do‘stligi va milliy qadriyatlar haqidagi fikringizni bilmoqchi edik.
- Xalqlar do‘stligi ham, umuminsoniy qadriyatlar ham nihoyatda e’zozlanadigan, qattiq turib himoya qilinadigan muhim, muqaddas tushunchalardir. Gap shundaki, ilgari sho‘ro davrida biz xalqlar do‘stligiga ko‘proq e’tibor berib, xalqlarimiz milliy qadriyatlarini unuta boshlagan edik. Endi ko‘proq milliy manfaatlarga e’tibor berilyapti. Aslida, bu ikki tushunchani bir-biriga hech ham qarshi qo‘yib bo‘lmaydi. Ularni birday e’zozlab, birini ikkinchisidan ustun qo‘ymay izchil olib borish darkor. Aytgancha, bu borada ham O‘zbekiston o‘rnak ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida muhit o‘zgardi, havo tozalandi, desa bo‘ladi. Qadimgi qadriyatlar, qardoshlik, qo‘ni-qo‘shnilik munosabatlari tiklandi. Bu faqat yaxshilikka, ezgu niyatlar amalga oshishiga olib keladi. Qo‘shning dardini, muvaffaqiyatini xuddi o‘zingnikidek qabul qilishga nima yetsin?!
O‘zbekistondagi baynalminallik ruhi hamon ko‘pchilikning havasini keltiradi. Biz ham 2000-yillarda xalqaro miqyosda baynalminal jamg‘arma tashkil qilganmiz. Maqsadimiz jahondagi taniqli biznesmenlar bilan o‘z yurtimiz rivojiga baholi qudrat hissa qo‘shish edi. Men yirik ishbilarmon Alisher Usmonovga murojaat qildim. Hamkorlikda ko‘p mamlakatlarda ancha ishlar qildik, afsuski, o‘z vatanimizda emas. Turli to‘siqlar mavjudligi, hatto, eng kichik qurilish ob’ekti uchun ham o‘nlab tasdiqlar talab qilinishi, vagonlar oylab bojxona omborlarida to‘xtab qolishi, milliy valyuta konvertatsiya qilinmasligi ishimizga xalaqit berdi. O‘sha payt va o‘sha sharoitda biz hech nima qilolmasdik. Sh.M.Mirziyoyev ushbu masalalarni, birinchi navbatda konvertatsiya masalasini qisqa vaqt ichida hal qildi. Endi bankning eng olisdagi filialida ham pulni istagancha konvertatsiya qilish mumkin.
Bilasizmi, yoshimga qaramay, respublikadagi ishlardan juda yaxshi xabardorman, zamonaviy texnologiyalar bunga imkon beradi. Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning yana bir yutug‘i majburiy mehnatga barham bergani. Hozir paxta xom ashyosini terishda biron-bir tashqi ish kuchi jalb qilinmayotgani juda quvonarli. Shu nuqtai nazardan, o‘tgan asrning 60-yillarini eslayman. O‘shanda o‘quvchilar va talabalar uchun paxta terish mavsumini, hatto, oktyabr oyidan boshlab, bir oygacha cheklash taklifini ilgari surishga urinish ham befoyda edi. Bundan keyin ilm-fan, texnika, texnologiyalar keng joriy qilinib, paxtakor o‘z hosilini o‘zi yig‘ib oladi.
- Bolalarni yoshlikdan mehnatga o‘rgatish-chi?
- Men bunga aslo qarshi emasman. O‘zim ham yoshligimdan komsomolda ijtimoiy faoliyatim boshlangunga qadar dalada ishlardim. Agar ota-ona, oiladagi oqsoqollar bilan shaxsiy tomorqa yoki fermer xo‘jaligida ishlansa, yaxshi. Asosiysi, noma’lum kimsa uchun ishlashga majburlanmasa, ishning zarari o‘qishga tegmasa bo‘ldi. Yoshlar o‘qishi kerak. Bu eng asosiy vazifa. Qisqasi, iqtisodiyotni rivojlantirishda to‘g‘ri yo‘nalish tanlangan va vaqti kelib hammasi yaxshi bo‘ladi.
Shavkat Miromonovich siyosatida menga yoqadigan yana bir jihat, bu ommaviy axborot vositalari erkinligidir. Bizning davrimizda bu haqda faqat orzu qilish mumkin edi. Endi, menimcha, hukumat faqat bir narsani talab qilmoqda - faqat tanqid qilmasdan, muammolarni hal qilish yo‘llarini taklif etish, qonunlarni buzmaslik, raqibni hurmat qilish, haqiqatni yozish. Demak, Shavkat Mirziyoyevning to‘g‘ri strategik yo‘nalishi bor, xalq uni qo‘llab-quvvatlamoqda va menimcha O‘zbekiston, albatta, katta muvaffaqiyatlarga erishadi.
- Rafiq Nishonovich, ochiq, batafsil va qiziqarli javoblaringiz uchun rahmat.

Irismat Abduxoliqov
va Rahimjon Sultonov suhbatlashdi.
O‘zA